Londonda arzon kapsula mehmonxona sayohatchilarni jalb etmoqda (foto)

Buyuk Britaniya poytaxtining qoq markazida, Piccadilly Circus metro bekati tepasida joylashgan yangi formatdagi Zedwell Capsule Hotel Piccadilly Circus oʻz faoliyatini boshladi. U dunyodagi eng yirik kapsula mehmonxonalaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda va hozirning oʻzidayoq katta qiziqish uygʻotmoqda.
Mazkur mehmonxona tarixiy London Pavilion binosida joylashgan boʻlib, besh qavatga taqsimlangan qariyb 1000 ta individual kapsulani oʻz ichiga oladi. Har bir kapsula taxminan 1×1×2 metr hajmdagi ixcham makon boʻlib, minimalizm va funksionallik asosida jihozlangan. Ichki qismda qulay matras, toza choyshablar, havo filtriga ega ventilyatsiya tizimi, yoritish, elektr rozetkalari hamda shaxsiy maxfiylikni taʼminlovchi toʻliq yopiladigan eshik mavjud.

Bu formatning eng katta ustunligi — narx siyosati. Odatda London markazida mehmonxona narxlari 250 funt sterlingdan yuqori boʻlgan bir paytda, bu yerda tunash atigi 30–40 funt (taxminan 600–650 ming soʻm) atrofida. Bu esa budjet sayohatchilar, xizmat safaridagi xodimlar va qisqa muddatga Londonga kelganlar uchun juda qulay yechimga aylanmoqda.
Kapsula ichidagi muhit ham alohida eʼtiborga molik. Toʻliq sukunat va qorongʻilik uyqu sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bepul Wi-Fi xizmati mavjud, ammo derazalar yoʻq — bu esa baʼzi mehmonlar uchun noqulaylik tugʻdirishi mumkin. Shuningdek, yuk saqlash imkoniyati cheklangan boʻlib, qoʻshimcha joy uchun alohida haq (15 funt) toʻlanadi.

CNN jurnalistlari ham ushbu mehmonxonani sinab koʻrdi. Ularning xulosasiga koʻra, bu format kimlar uchundir juda qulay va samarali, ammo yopiq joydan qoʻrqadiganlar uchun (klaustrofoblar) haqiqiy sinov boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, koʻplab mehmonlar tinch muhit sabab tez va sifatli uxlab qolganini taʼkidlamoqda.
Mutaxassislar fikricha, Zedwell loyihasi London markazidagi kam foydalanilayotgan binolarni qayta jonlantirish tendensiyasining bir qismi hisoblanadi. Kompaniya kelgusida bu konsepsiyani yanada kengaytirish va boshqa shaharlarga ham olib chiqishni rejalashtirmoqda.
Qisqasi, bu yangi format anʼanaviy mehmonxonalarga jiddiy raqobat yaratishi mumkin. Arzon, ixcham va zamonaviy — sayohat olamida yangi trend boshlanyapti.