Charlz III Trampga tarixiy qo‘ng‘iroqni hadya qildi

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III AQSHga rasmiy tashrifi chog‘ida Prezident Donald Trampga o‘ziga xos va tarixiy sovg‘a taqdim etdi. Bu haqda “C-Span” ma'lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qirol Oq uy rahbariga Britaniya harbiy-dengiz flotiga tegishli suvosti kemasining qo‘ng‘irog‘ini sovg‘a qilgan. Ushbu buyum 1944 yilda xizmatga kirgan HMS Trump suvosti kemasidan olingan bo‘lib, tarixiy ahamiyatga ega ekani bilan ajralib turadi.
Sovg‘a NATO va AUKUS harbiy ittifoqlaridagi AQSH va Buyuk Britaniya hamkorligi haqida suhbatdan so‘ng topshirilgan. Charlz III bu sovg‘ani “ikki davlat o‘rtasidagi umumiy tarix va mustahkam ittifoq ramzi” sifatida ta’riflagan.
Qirol o‘z nutqida Trampga qarata shunday dedi:
“Sizga shaxsiy sovg‘a sifatida nomdoshingiz bo‘lgan kemaning asl qo‘ng‘irog‘ini taqdim etaman. U mamlakatlarimizning umumiy tarixi va kelajakdagi hamkorligiga guvoh bo‘lib qolsin.”
Shuningdek, Charlz III hazil aralash tarzda agar Trampga Buyuk Britaniya bilan bog‘lanish zarur bo‘lsa, “shunchaki qo‘ng‘iroq qilish” kifoya ekanini aytib, kulgili ishora ham qilgan. Ingliz tilidagi “ring” so‘zining ikki ma’nosi — qo‘ng‘iroq chalish va telefon qilish — bu hazilga asos bo‘lgan.
Ushbu sovg‘a xalqaro munosabatlarda ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
