date

Eron dunyoni internetsiz qoldirishi mumkin – CNN

Eron dunyoni internetsiz qoldirishi mumkin – CNN

Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tgan suvosti internet kabellaridan foydalanish uchun yirik texnologik kompaniyalardan to‘lov undirishni rejalashtirmoqda. Aks holda, mamlakat ularni uzib qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Bu haqda CNN telekanali xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi ortidan Tehron jahon iqtisodiyotining muhim “yashirin arteriyasi”dan daromad olishga qaror qilgan. Gap Yevropa, Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasida internet-trafik hamda moliyaviy operatsiyalarni uzatuvchi suvosti kabellari haqida ketmoqda.

Qayd etilishicha, Eron Hormuz bo‘g‘ozi tubidan o‘tgan internet kabellaridan foydalanganlik uchun dunyoning eng yirik texnologik korporatsiyalaridan haq talab qilmoqchi. Agar kompaniyalar belgilangan to‘lovni amalga oshirmasa, ularga internet trafigi uzilishi mumkinligi haqida mavhum tahdidlar bildirilmoqda.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Tehron Google, Microsoft, Meta va Amazon kabi kompaniyalardan Eron qonunchiligiga bo‘ysunishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, suvosti kabellari bilan ishlovchi kompaniyalar litsenziya to‘lovlarini amalga oshirishi, ularni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish huquqi esa faqat Eron kompaniyalariga berilishi mumkin.

Telekanal ta’kidlashicha, kabellarga zarar yetishi butun dunyo bo‘ylab trillionlab dollarlik ma’lumotlar almashinuviga va global internet tarmog‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, maqolada AQSH prezidenti Donald Trumpning Xitoydan qaytishi ortidan mintaqadagi mojarolar yana kuchayishi mumkinligi haqida xavotirlar ortib borayotgani aytilgan.

CNN fikricha, Eron nafaqat harbiy kuch, balki geografik joylashuvi orqali ham dunyo iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Tehron Hormuz bo‘g‘ozining strategik ahamiyatidan uzoq muddatli iqtisodiy va siyosiy qudrat sifatida foydalanishga intilayotgani qayd etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Eron dunyoni internetsiz qoldirishi mumkin – CNN