Si Jinpin Yaqin Sharqdagi urushni tezroq tugatish zarurligini aytdi

Xitoy raisi Si Jinpin Pekinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Yaqin Sharqdagi urushni imkon qadar tezroq to‘xtatish zarurligini aytdi.
Si Jinpinning ta’kidlashicha, harbiy harakatlarning yakunlanishi dunyoda energiya resurslari ta’minoti va xalqaro savdo barqarorligiga tahdidni kamaytiradi. U tinchlikka erishishda muzokaralar muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Avvalroq Xitoy yetakchisi Pekinda AQSh prezidenti Donald Trampni ham qabul qilgan edi. Vashington Tehrondan yadroviy dasturdan voz kechishni talab qilib, Eronga qarshi harbiy harakatlarni boshlagan.
Eronni AQSh shartlariga ko‘ndirishga urinishlar hozircha natija bermagani aytilmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokada esa neft va suyultirilgan gaz eksportiga jiddiy ta’sir qilib, global energetik inqiroz xavfini kuchaytirdi.
Shu fonda Rossiya nefti va gaziga nisbatan ayrim AQSh sanksiyalari yumshatilgani qayd etilmoqda. Putinning Pekinga tashrifida Xitoyga Rossiya energiya resurslarini yetkazib berish hajmini oshirish asosiy mavzulardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!