Eron AQSH foydalanayotgan aviabazaga zarba berganini ma’lum qildi

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSHning Bandar-Abbos hududidagi harbiy harakatlariga javoban amerikaliklar foydalanayotgan aviabazaga zarba berilganini ma’lum qildi. Eron davlat telekanali IRIB xabariga ko‘ra, AQSH harbiylari avval Bandar-Abbos aeroporti yaqinidagi obyektga havodan hujum qilgan.
Tasnim agentligi ma’lumoticha, Eron tomonining javob zarbalari mahalliy vaqt bilan soat 04:50 atrofida amalga oshirilgan. Biroq nishonga olingan aviabazaning aniq joylashuvi hozircha oshkor qilinmagan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi — CENTCOM esa amerikalik harbiylar to‘rtta eronlik kamikadze-dronni urib tushirganini va Bandar-Abbosdagi dronlarni boshqarish stansiyasiga zarba berganini tasdiqladi. Qo‘mondonlik bu harakatlar “faqat mudofaa maqsadida” va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlab qolish uchun amalga oshirilganini bildirdi.
Shu bilan birga, AQSH ommaviy axborot vositalari Quvaytdagi havo hujumidan mudofaa tizimlari raketa va dron hujumlarini qaytarganini xabar qilmoqda. Hozircha tomonlar ehtimoliy talafotlar va moddiy zarar haqida aniq ma’lumot bergani yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!