Isroildagi o‘zbekistonliklar xavfdan ogohlantirildi

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakat hududidagi fuqarolarga xavfsizlik vaziyati yanada keskinlashishi mumkinligi haqida ogohlantiruv berdi.
Ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan ehtiyotkorlikni kuchaytirish so‘raldi. Elchixona barcha fuqarolarni Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan beriladigan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida quyidagilar tavsiya etildi:
— doim himoyalangan joylarga yaqin hududlarda bo‘lish;
— havo hujumi haqida signal yoki sirena yangraganda zudlik bilan himoya joyiga kirish;
— Front orti qo‘mondonligi ruxsat bermaguncha himoya joyini tark etmaslik;
— rasmiy xabarlar va favqulodda ko‘rsatmalarni uzluksiz kuzatib borish.
Ma’lum qilinishicha, Eron 7 iyun kuni Isroil hududiga qarshi ikkinchi to‘lqin raketa zarbalarini amalga oshirgan. Bu hujum 2026 yil aprel oyidagi sulhdan keyin Eron tomonidan Isroilga qilingan ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri raketa zarbasi sifatida qayd etilgan. Eron rasmiylari bu hujumni Isroilning Bayrut janubidagi nishonlarga bergan zarbasiga javob sifatida izohlagan.
Isroilning raketa hujumlari haqida ogohlantirish tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat shimolidagi Xayfa shahri atrofida havo hujumi xavfi sirenalari ishga tushgan.
Eron harbiy qo‘mondonligi agar Isroil tomoni javob qaytarsa, Tehron yanada kuchli va vayronkor zarbalarga duch kelishidan ogohlantirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Isroil Eronning g‘arbiy va markaziy hududlaridagi harbiy obyektlarga javob zarbalari berilganini ma’lum qilgan.





























Izohlar 0
…