Obyekt sifatida okeanlar: olimlar kislorod tanqisligini asosiy tahdidlarga qo‘shmoqchi

Yer yuzidagi okeanlar va boshqa suv ekotizimlarida kislorod miqdorining jadal kamayib borishi insoniyat uchun xavfsiz chegaralarning buzilishiga olib kelishi mumkin. Kaliforniya universiteti huzuridagi Skripps okeanografiya instituti (Scripps Institution of Oceanography, UC San Diego) olimlari o‘z tadqiqotida suv muhitidagi deoksigenatsiyani sayyoramiz barqarorligini baholovchi asosiy ko‘rsatkichlar sirasiga kiritishni taklif etmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, sayyora chegaralari konsepsiyasi ilk bor 2009 yilda ilm-fan olamiga taqdim etilgan bo‘lib, u Yerning barqarorligini ta’minlovchi to‘qqizta muhim jarayonni o‘z ichiga oladi. Bular qatoriga iqlim o‘zgarishi, okeanlarning kislotalashuvi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, ozon qatlamining yemirilishi va boshqa global ekologik omillar kiradi.
Deoksigenatsiya va uning sabablari
ixbt.com va boshqa ilmiy manbalar xabar berishicha, okeanlar, daryolar, ko‘llar hamda qirg‘oqbo‘yi suvlarida erigan kislorod miqdorining kamayishi yuqorida tilga olingan to‘qqizta jarayonning barchasi bilan chambarchas bog‘liq. Suv muhitida kislorod yetishmasligining asosiy sabablari sifatida inson faoliyati natijasida yuzaga kelayotgan global isish, ifloslanish sababli ozuqa moddalarning haddan tashqari ko‘payib ketishi hamda okean tubidagi suv aylanish jarayonlarining o‘zgarishi ko‘rsatilmoqda.Kislorod darajasining pasayishi iqlimni tartibga solishda qatnashadigan muhim kimyoviy va biologik jarayonlarga jiddiy putur yetkazadi. Bu holat mikroskopik organizmlardan tortib yirik baliqlar va akulalargacha bo‘lgan barcha suv osti jonzotlari hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Shuningdek, oziq-ovqat zanjirlaridagi o‘zgarishlar va o‘lja topish imkoniyatining qisqarishi dengiz sutemizuvchilariga ham o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda.
Global ekologik barqarorlik va yangi choralar
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, deoksigenatsiya alohida mavjud bo‘lgan muammo emas, aksincha, u boshqa ekologik omillar ta'sirini yanada kuchaytiruvchi katalizatordir. Kislorodning yo‘qolishi iqlim jarayonlariga, turlarning tarqalishiga va suv ekotizimlarining to‘laqonli ishlashiga bevosita ta'sir ko‘rsatadi.Mazkur meta-tadqiqot BMTning COP25 iqlim konferensiyasidan keyin tayyorlangan bo‘lib, olimlar kelgusida suv havzalaridagi kislorod holatini alohida ko‘rsatkichlar asosida kuzatib borishni va global ruxsat etilgan chegaralarni belgilashni maqsad qilgan. Ushbu yondashuv Yerning barqarorligini baholashda va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha samarali choralar ishlab chiqishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…