Yer ostidagi topilma: asrlar sirini saqlagan uzuk

Yer ostidagi topilma: asrlar sirini saqlagan uzuk

Metall izlovchi havaskor tomonidan topilgan XVI asrga oid noyob olmosli uzuk auksionda katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda. Mutaxassislar ushbu tarixiy topilma 15 ming funt sterlingdan 20 ming funt sterlinggacha baholanishi mumkinligini ma’lum qildi. Uzuk 23 iyun kuni Londondagi mashhur auksion savdolarida sotuvga qo‘yiladi.

Topilmani aniqlagan Styuartning aytishicha, u uzoq davom etgan yetti soatlik qidiruvning so‘nggi pallalarida yer orasidan ushbu noyob buyumni topgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uzukni qo‘liga olgan paytda his-tuyg‘ularini yashira olmagan.

«Uzukni topganimda quvonchdan hayratga tushdim. Bunday kashfiyotni orzu qilardim, ammo uning ahamiyati shunchalik yuqori bo‘lishini tasavvur ham qilmagandim. Bu mening butun hayotimdagi eng yaxshi topilmam. Uni bemalol “umrimda bir marta uchraydigan topilma” deb atashim mumkin», — deydi u.

Qiziq jihati shundaki, uzuk tuproq orasidan chiqarilganda undagi olmoslardan biri ajralib, Styuartning qo‘liga tushib ketgan. Yana bir qimmatbaho tosh esa yo‘qolgani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng u topilma chiqqan joydagi tuproqni yig‘ib, yuvib va elakdan o‘tkazib chiqqan. Natijada yo‘qolgan olmos ham topilgan.

Ma’lum qilinishicha, auksiondan tushadigan mablag‘ topilma aniqlangan yer egasi va topuvchi o‘rtasida teng taqsimlanadi. Uzuk esa ekspertiza uchun Britaniya muzeyi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Noonans auksion uyining zargarlik buyumlari bo‘yicha mutaxassisi Laura Smitning ta’kidlashicha, XVII asr boshlarida barokko uslubida yaratilgan yirik va ko‘zga tashlanuvchi uzuklar juda mashhur bo‘lgan. Uning fikricha, mazkur uzukning gul shaklidagi qismi sakkizta noyob «hogback» turidagi olmoslardan tashkil topgan bo‘lib, bunday namunalar juda kam uchraydi.

Mutaxassislar mazkur topilmani nafaqat qimmatbaho zargarlik buyumi, balki o‘z davrining tarixiy va madaniy merosini aks ettiruvchi noyob artefakt sifatida baholamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar