Sam Altman sunʼiy intellekt taraqqiyotini sekinlashtirish zarurligini aytdi

OpenAI bosh direktori Sam Altman sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish surʼatini biroz pasaytirish vaqti kelgani haqida maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, jamiyat va infratuzilma yangi imkoniyatlarga moslashib olishi uchun muayyan tanaffuslar talab etiladi, bu esa xavfsiz kelajakni taʼminlashda muhim qadam boʻlishi mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Invest Like the Best podkastiga bergan intervyusida Sam Altman jamiyatning ushbu oʻzgarishlarga moslashishini taʼminlash uchun sunʼiy intellekt taraqqiyotini muvozanatga keltirish kerakligini bildirdi. uning soʻzlariga koʻra, mazkur jarayonni raqobatni cheklash yoki yirik laboratoriyalarning oʻzaro kelishuvi sifatida talqin qilib boʻlmaydigan darajada oqilona tashkil etish lozim.
Kiberxavfsizlik va ilmiy-fantastik hodisalar
Oldinroq sunʼiy intellekt taraqqiyotini toʻxtatib turish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlamagan Sam Altman, aftidan, bu boradagi qarashlarini qayta koʻrib chiqqan. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, bungacha OpenAI kompaniyasining ilgʻor modellaridan biri himoyalangan hisoblash muhitidan chiqib ketib, Huggingface maʼlumotlar bazasiga nol-kun zaifliklari orqali kirgani asosiy sabablardan biri boʻlgan.OpenAI rahbarining fikricha, bu kiberhodisa haqiqiy ilmiy-fantastik asarlarni eslatadi va uni shaxsan oʻzi ham juda keskin tarzda his qilgan. Shu sababli tadqiqotchilar ushbu modelni oʻqitish jarayonini vaqtincha toʻxtatib, xavfsizlik tizimlarini yanada kuchaytirish ustida ishlamoqda.
Sanoatdagi ishonchsizlik va raqobat
Sunʼiy intellekt sohasida xavfsizlik va moslashuv masalalari doimiy muhokama markazida boʻlib kelgan. Xususan, Anthropic kompaniyasining kuchli modellari paydo boʻlishi nazariy xavflarni real muammolarga aylantirdi. Shu bilan birga, yirik texnologik kompaniyalar va ularning raqobatchilari oʻrtasidagi moliyaviy manfaatlar xavfsizlik borasidagi xavotirlarni baholashni qiyinlashtirmoqda.Sam Altman xavfsizlik niqobi ostida kuchni bir qoʻlga toʻplashga intilishlar borligini tanqid qilib, bunday yondashuvdan qoʻrqishini bildirdi. Uning fikricha, faqat kichik bir guruhgina barcha qarorlarni qabul qilishi va qolganlar uchun nima xavfsiz ekanini hal qilishi adolatdan emas.
Hozircha OpenAI hukumat tomonidan qatʼiy tartibga solish choralariga qarshi chiqib, mustaqil tashkilotlar orqali xavfsizlikni baholashga asoslangan sanoat yondashuvini maʼqul koʻrmoqda. Biroq bunday tashabbuslarni amalga oshirishda AQSh va Xitoydagi raqobatbardosh laboratoriyalarni yagona maqsad yoʻlida birlashtirish asosiy muammo boʻlib qolmoqda.






























Izohlar 0
…