Namanganda bir kunda 4 kishi daryoda cho‘kib ketdi

Namangan viloyatida Sirdaryo daryosida bedarak yo‘qolgan yigitni qidirish ishlari davomida qutqaruvchilar boshqa bir fuqaroning jasadiga duch keldi. Ayni vaqtda yana ikki nafar cho‘kib ketgan shaxsni izlash ishlari ham to‘xtatilmagan.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 26 iyul kuni soat 14:06 da 112 qisqa raqamiga Namangan shahrining “Gulbog‘” mahallasida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan yigit Namangan tumanidagi “Sho‘rqo‘rg‘on” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryoga cho‘kib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Murojaatdan so‘ng Maxsus qutqaruv otryadining suvda qutqaruv guruhi g‘avvoslari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Biroq qidiruv jarayonida kutilmagan holat yuz berib, 27 iyul kuni daryodan boshqa bir fuqaroning jasadi topildi. Marhumning jasadi sohilga olib chiqilib, belgilangan tartibda tegishli idoralarga topshirildi.
Hozirda 2004 yilda tug‘ilgan yigitni izlash ishlari davom etmoqda. Shuningdek, mavsum boshidan buyon cho‘milish taqiqlangan hududlarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida yana ikki nafardan ortiq fuqaroni qidirish ishlari ham olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi fuqarolarni yana bir bor ogohlantirib, faqat ruxsat etilgan va xavfsiz deb belgilangan hududlarda cho‘milishga chaqirdi. Mutaxassaslarning ta’kidlashicha, taqiqlangan suv havzalarida cho‘milish inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi.






























Izohlar 0
…