Arxeologlar 500 ming yillik fil suyagidan yasalgan bolg‘ani aniqladi

Buyuk Britaniyaning janubida joylashgan Boksgrouv arxeologik yodgorligida topilgan va qariyb 500 ming yillik tarixga ega bo‘lgan fil suyagidan yasalgan asbob olimlarni hayratda qoldirdi. Mutaxassislar ushbu topilmani Yevropada aniqlangan eng qadimiy fil suyagidan tayyorlangan mehnat quroli deb baholamoqda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mazkur buyum avval oddiy suyak parchasi deb hisoblangan. Biroq zamonaviy 3D-skanerlash va elektron mikroskoplar yordamida o‘tkazilgan tahlillar uning inson tomonidan qayta ishlangani va mehnat quroli sifatida foydalanilganini tasdiqladi. Asbob yuzasidagi zarba izlari hamda chaqmoqtosh bo‘laklari uning tosh qurollarni charxlash va qayta shakllantirishda ishlatilganini ko‘rsatdi.
Olimlarning fikricha, ushbu qurol taxminan 480–500 ming yil avval yashagan qadimgi insonlar — Homo heidelbergensis yoki ilk neandertallar tomonidan yasalgan bo‘lishi mumkin. Ular fil suyagining mustahkam va chidamli tashqi qismi tosh asboblarga aniq ishlov berish uchun juda mos material ekanini yaxshi bilgan.
Mutaxassislar bu kashfiyot qadimgi insonlar avval o‘ylanganidan ko‘ra ancha yuqori texnik bilim va mahoratiga ega bo‘lganini yana bir bor isbotlashini ta’kidlamoqda. Suyakdan yasalgan bu bolg‘a bir necha bor ishlatilgani aniqlangan bo‘lib, bu uning tasodifiy emas, maqsadli tayyorlangan mehnat quroli bo‘lganini anglatadi.
Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, organik materiallardan yasalgan asboblar vaqt o‘tishi bilan yaxshi saqlanib qolmaydi. Shu bois bunday topilmalar juda kam uchraydi va qadimgi insonlarning kundalik hayoti hamda texnologiyalari haqida qimmatli ma’lumot beradi.






























Izohlar 0
…