2029 yilda milliardlab inson Apofis asteroidini ko‘z bilan ko‘radi

Olimlar 2029 yil 13 aprel kuni sodir bo‘ladigan noyob kosmik hodisa bo‘yicha yangi kuzatuv xaritalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 99942 Apofis asteroidi Yerga favqulodda yaqin masofadan xavfsiz tarzda o‘tib ketadi va qulay sharoitda uni Yer aholisining qariyb 90 foizi oddiy ko‘z bilan kuzatishi mumkin bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Apofis 2029 yil 13 aprel kuni Yer yuzasidan taxminan 32 ming kilometr masofada uchib o‘tadi. Bu geostatsionar sun’iy yo‘ldoshlar orbitasidan ham yaqinroq masofa hisoblanadi. Biroq olimlar bu uchrashuv Yer uchun hech qanday xavf tug‘dirmasligini va asteroid sayyoramiz bilan to‘qnashmasligini alohida qayd etmoqda.
Yangi hisob-kitoblarga asoslangan xaritalarga ko‘ra, asteroidning harakatini Avstraliya, Osiyo, Afrika, Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Amerikaning ayrim hududlarida yashovchi milliardlab odamlar kuzatishi mumkin. Osmon musaffo bo‘lsa va yorug‘lik ifloslanishi kam bo‘lgan joylarda Apofis yorug‘ yulduzga o‘xshab, osmon bo‘ylab sekin harakatlanayotgan nuqta sifatida ko‘rinadi. Kuzatuv taxminan yetti soat davom etadi.
Apofisning diametri taxminan 340–375 metr atrofida bo‘lib, u 2004 yilda kashf etilgan. Ilk hisob-kitoblarda uning Yer bilan to‘qnashish ehtimoli muhokama qilingan edi. Ammo keyingi yillarda aniqlashtirilgan kuzatuvlar natijasida 2029 yilda ham, kelasi yuz yil davomida ham Yerga urilish xavfi yo‘qligi to‘liq tasdiqlangan.






























Izohlar 0
…