Rio-de-Janeyrodagi fojia: mashhur qo‘shiqchi halok bo‘ldi

Rio-de-Janeyrodagi fojia: mashhur qo‘shiqchi halok bo‘ldi

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida sodir bo‘lgan havo fojiasi jahon musiqa muxlislarini chuqur qayg‘uga soldi. Havoda ikki vertolyotning to‘qnashib ketishi natijasida olti nafar inson hayotdan ko‘z yumdi. Qurbonlar orasida amerikalik mashhur qo‘shiqchi va qo‘shiqlar muallifi Oliver Tri ham bor. Bu haqda “Sky News” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Oliver Tri jahon gastrol safari doirasida Braziliyada bo‘lgan. Fojia Rio-de-Janeyro shahrining Rekreyu-dus-Bandeyrantes tumani hududida yuz bergan. Vertolyotlarning birida besh nafar yo‘lovchi, ikkinchisida esa uchuvchi bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida havo kemalarida bo‘lgan barcha insonlar halok bo‘lgan.

Qurbonlar orasida braziliyalik musiqa prodyuseri, argentinalik videorejissyor hamda YouTube blogeri Gaspar Prim ham borligi ma’lum qilindi.

To‘qnashuvdan keyin vertolyotlar elektromobillar avtosalonining avtoturargohiga qulagan. Bu esa yanada og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lib, qariyb 20 ta avtomobil yonib ketgan.

Mahalliy mutasaddilar hodisa sabablarini o‘rganish yuzasidan rasmiy tergov ishlarini boshlagan. Shuningdek, kuchli yong‘in tufayli qurbonlarning jasadlarini aniqlash jarayoni ancha murakkablashgani bildirildi.

32 yoshli Oliver Tri Life Goes On, Miss You va Alien Boy kabi ommabop qo‘shiqlari orqali keng tanilgan edi. Uning ijodini Spotify platformasida har oy 11 milliondan ortiq tinglovchi kuzatib boradi.

Mazkur fojia nafaqat musiqa sanoati vakillari, balki dunyo bo‘ylab millionlab muxlislarni ham qayg‘uga botirdi. Hozircha hodisaning aniq sabablari yuzasidan rasmiy xulosa e’lon qilingani yo‘q.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar