Britaniyadagi 1200 yillik afsonaviy daraxt nobud bo‘ldi

Britaniyadagi eng qadimiy va ulkan daraxtlardan biri — Shervud o‘rmoni hududida o‘sgan mashhur Katta eman daraxti qurib qoldi. Mutaxassislar uning yoshi qariyb 1200 yilga teng bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Ekspertlar fikricha, daraxtning nobud bo‘lishiga bir necha omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, yillar davomida uning tabiiy tuzilishiga aralashuvlar, ildiz atrofi tuprog‘ining sayyohlar oqimi tufayli zichlashib ketishi hamda keskin iqlim o‘zgarishlari, xususan, 2022 yil yozida qayd etilgan rekord darajadagi issiq harorat salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Mazkur eman daraxti afsonaviy Robin Gud nomi bilan chambarchas bog‘liq. Rivoyatlarga ko‘ra, u daraxt tanasida zamburug‘lar ta’sirida hosil bo‘lgan ulkan kovakda yashiringan.

Daraxtning bugungi nomi 1790 yilda mayor Xeyman Ruk tomonidan yozilgan kitobdan so‘ng keng tarqalgan. Aynan shu asardan keyin ushbu maskan sayyohlar e’tiborini torta boshlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, daraxt tanasi tarixiy yodgorlik sifatida saqlab qolinadi. U kelgusida qo‘ng‘izlar, zamburug‘lar, qushlar va boshqa ko‘plab tirik mavjudotlar uchun tabiiy boshpana vazifasini bajaradi.






























Izohlar 0
…