Inson qoldiqlarini to‘plab ovqat tayyorlab yegan erkak ushlandi

Vengriyada jamoatchilikni larzaga solgan holat yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Mamlakat poytaxti Budapesht shahrida inson qoldiqlarini to‘plab yurganlikda gumon qilingan 30 yoshli erkak qo‘lga olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u shifoxonada sanitariya xodimi sifatida faoliyat yuritgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga uning ish joyi va yashash manzilida inson tana qismlarini saqlayotgani haqida xabar kelib tushganidan so‘ng tezkor tekshiruv boshlangan.
Tergovchilar gumonlanuvchining xonadonini ko‘zdan kechirganida dahshatli manzaraga duch kelgan. Tintuv davomida bosh suyaklari, qo‘l va oyoq suyaklari, shuningdek inson yuzi terisidan tayyorlangan rekonstruksiya namunasi aniqlangan. Ayrim suyaklar chamadon ichida saqlangan bo‘lsa, bankalardan birida yurakka o‘xshash a’zo ham topilgan.
Mutaxassislar mazkur a’zo insonga yoki hayvonga tegishli ekanini aniqlash uchun ekspertiza tayinlagan.
So‘roq jarayonida erkak inson tana qismlarini yig‘ib kelganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, bunday anatomik materiallarga qiziqishi yuqori bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi ayrim holatlarda ushbu qoldiqlardan ovqat tayyorlab iste’mol qilganini ham tan olgan.
Huquq-tartibot idoralari fikricha, u inson qoldiqlarini ish joyidan hamda Vengriya va Slovakiya hududidagi qarovsiz qabristonlardan qazib olish orqali qo‘lga kiritgan bo‘lishi mumkin.
Tergov doirasida uning kompyuter texnikasi, mobil qurilmalari, ma’lumot saqlash vositalari va boshqa elektron jihozlari musodara qilingan. Ayni vaqtda topilgan barcha inson qoldiqlari sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda.






























Izohlar 0
…