Infantinoga qo‘yilgan og‘ir ayblovlar: FIFA rasmiy bayonot bilan chiqdi

FIFA Janni Infantinoning UYEFAda ishlagan davrida sobiq xodimasiga tovon puli to'langani haqidagi ayblovlarni haqiqatga zid deb atab, barcha jarayonlar qonuniy kechganini bildirdi. Tashkilot Infantinoning harakatlari yuzasidan UYEFA yoki FIFA xodimlaridan hech qanday shikoyat bo'lmaganini ta'kidladi. The Telegraph esa sobiq xodimaning maoshi 30 foizga oshirilgani, unga 6 xonali raqamlarda kompensatsiya va MBA dasturi uchun 45 ming funt to'lab berilgani haqida xabar bergan.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tashkilot prezidenti Janni Infantinoning UYEFAda ishlagan davrida sobiq xodimasiga tovon puli to‘langani haqidagi ayblovlarga nisbatan rasmiy bayonot berdi. Manbalarga ko‘ra, FIFA rahbariyati OAVda tarqalgan bu xabarlarni haqiqatga zid deb atadi.
Avvalroq Britaniyaning The Telegraph nashri Infantino UYEFA Bosh kotibi bo‘lgan davrda sobiq sevgilisiga yirik miqdorda tovon puli to‘latgani va uning qimmatbaho o‘qish xarajatlarini qoplab bergani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.
FIFAning rasmiy bayonoti: «Hech qanday shikoyat bo‘lmagan»
Jahon futbol tashkiloti mazkur ayblovlarni keskin rad etib, barcha jarayonlar qonuniy kechganini ta’kidladi:
«FIFA prezidenti Janni Infantino ushbu ayblovlarni to‘liq rad etadi, ular haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Nizom yoki qoidalar buzilgani haqidagi har qanday taxminlar shunchaki tuhmat hisoblanadi.
UYEFA yoki FIFAning biror-bir xodimi Infantinoning harakatlari yuzasidan hech qachon shikoyat qilmagan. Chunki u bilan bog‘liq hech qanday salbiy hodisa sodir bo‘lmagan.
Barcha kadrlar bo‘yicha qarorlar, jumladan, ishdan bo‘shatish va ishdan ketish nafaqalarini to‘lash vakolatli rahbarlar tomonidan amaldagi qoidalarga qat’iy rioya qilingan holda tasdiqlangan», — deyiladi FIFAning rasmiy bayonotida.
Mojaro negizida nima yotibdi?
Eslatib o‘tamiz, The Telegraph nashri o‘z surishtiruvida Infantino va UYEFAning sobiq xodimasi o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar tufayli ayolning maoshi 30 foizga oshirilgani, keyinchalik manfaatlar to‘qnashuvi ortidan UYEFA tomonidan unga 6 xonali raqamlarda kompensatsiya va MBA dasturi uchun 45 ming funt to‘lab berilgani haqida xabar tarqatgan edi.
FIFAning ushbu raddiyasidan so‘ng voqealar rivoji qay tomonga o‘zgarishi futbol jamoatchiligining diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashing.































Izohlar 0
…