Kiyevdagi “O‘zbek palovi №1” restorani raketa hujumida vayron bo‘ldi

Kiyevdagi “O‘zbek palovi №1” restorani raketa hujumida vayron bo‘ldi

Rossiyaning Kiyevga amalga oshirgan navbatdagi raketa hujumi oqibatida poytaxtdagi mashhur “O‘zbek palovi №1” restorani butunlay vayron bo‘ldi. Bu haqda restoran ma’muriyati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, restoran Kiyev shahrining Garmatnaya ko‘chasida joylashgan bo‘lib, hujum oqibatida bino jiddiy zarar ko‘rib, deyarli kulga aylangan. Xushbaxtli holat shundaki, aviahujum sodir bo‘lgan vaqtda restoran ichida xodimlar bo‘lmagan. Shu bois hodisa oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Restoran ma’muriyati mijozlarga murojaat qilib, muassasa o‘z faoliyatini vaqtincha Kiyev shahri, Garmatnaya ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan filiali orqali davom ettirishini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, bu Ukrainada o‘zbek oshxonasi bilan bog‘liq ilk fojiali voqea emas. 2022 yilda Ukrainaning Chuguyev shahrida mahalliy aholiga palov tarqatib kelgan 36 yoshli o‘zbekistonlik Sardor Hakimov Rossiyaning raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lgan edi. U hujum vaqtida yerto‘lada bo‘lib, odamlar uchun palov tayyorlashga hozirlik ko‘rayotgan paytda qurbon bo‘lgan.

Sardor Hakimov 2000 yildan buyon Lugansk viloyatining Severodonetsk shahrida yashagan. Keyinchalik, 2014 yilda Chuguyev shahriga ko‘chib o‘tib, u yerda o‘zbek milliy taomlari tayyorlanadigan oshxona hamda ziravorlar do‘konini tashkil etgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng u oilasini O‘zbekistonga jo‘natgan, ammo o‘zi Chuguyevda qolib, mahalliy aholiga issiq ovqat tarqatish va ko‘mak berish ishlarini davom ettirgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar