1000 yevro maosh: Slovakiya o‘zbekistonliklarni ishga chaqirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi Slovakiyada kara (pogruzchik) haydovchisi sifatida ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanganini ma’lum qildi.
Agentlik xabariga ko‘ra, ushbu dastur doirasida jami 70 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Ishga qabul qilingan nomzodlarga oyiga 1000 yevro miqdorida qo‘lga tegadigan ish haqi to‘lanadi. Mehnat tartibi haftasiga 5 ish kuni va kuniga 8 soatlik ish rejimi asosida tashkil etiladi.
Tanlovda 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlardan «B» toifali haydovchilik guvohnomasi, kara haydash bo‘yicha kamida 6 oylik ish tajribasi, shuningdek, rus tilini muloqot darajasida bilish talab etiladi.
Ish beruvchi tomonidan xodimlarni turar joy bilan ta’minlash xarajatlari qoplanadi, shuningdek, ular uchun tibbiy sug‘urta ham rasmiylashtiriladi.
Qayd etilishicha, ishchi vizasi va aviachipta uchun sarflanadigan mablag‘lar dastlab nomzodning o‘zi tomonidan to‘lanadi. Biroq fuqaro Slovakiyada rasman ishga joylashganidan so‘ng ushbu xarajatlar Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar soni 300 nafarga yetgach, arizalar qabul qilish jarayoni to‘xtatiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni Migratsiya agentligining 71 202 33 55 telefon raqami (ichki raqamlar: 556 va 906) orqali olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval ham Migratsiya agentligi hamda Italiya Mehnat va ijtimoiy siyosat vazirligining Sviluppo Lavoro Italia tashkiloti O‘zbekiston fuqarolarini Italiyada qurilish sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilish bo‘yicha tanlov boshlanganini ma’lum qilgan edi.






























Izohlar 0
…