Indoneziyada 6,2 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Indoneziyada 6,2 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Juma kuni Indoneziyaning sharqiy qismi sohillari yaqinida 6,2 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda AQSH Geologiya xizmati (USGS) ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida jabrlanganlar yoki vayrongarchiliklar haqida rasmiy xabarlar kelib tushmagan.

Ma’lum qilinishicha, yer silkinishi mahalliy vaqt bilan soat 11:31 da (GMT bo‘yicha 02:31) qayd etilgan. Zilzila o‘chog‘i Shimoliy Maluku viloyatidagi Tobelo shahridan taxminan 58 kilometr g‘arbda, 120 kilometr chuqurlikda joylashgan.

Zilzila epitsentridan taxminan 114 kilometr uzoqlikda joylashgan Ternate shahrida yashovchi Umar Abbos tabiiy ofat paytidagi holatni eslab, kuchli qo‘rquvni boshidan kechirganini aytdi.

«Men yo‘l bo‘yidagi qahvaxonada o‘tirib, kofe ichayotgan edim. Birdan stulim tebrana boshladi. Oldingi zilzilalardan keyin haligacha ruhiy ta’sirdan chiqmaganman, shuning uchun bir lahzaga sarosimaga tushdim», dedi u AFP agentligiga.

Indoneziyaning Meteorologiya, klimatologiya va geofizika agentligi (BMKG) ushbu zilziladan keyin sunami xavfi kuzatilmasligini ma’lum qildi. Shu bois aholiga qo‘shimcha evakuatsiya choralari e’lon qilinmagan.

Ma’lumot uchun, Indoneziya va unga qo‘shni davlatlar Tinch okeanning mashhur «Olov halqasi» (Ring of Fire) hududida joylashgan. Ushbu geologik mintaqa Yaponiyadan Janubi-Sharqiy Osiyo orqali Tinch okeani havzasigacha cho‘zilgan bo‘lib, yer qobig‘idagi tektonik plitalar faolligi va vulqonlar ko‘pligi sababli dunyodagi eng seysmik faol hududlardan biri hisoblanadi. Shu bois bu yerlarda kuchli zilzilalar va vulqon otilishlari tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar