Shveysariya muzliklari rekord darajada tez erimoqda

Shveysariya muzliklari rekord darajada tez erimoqda

Yevropada kuzatilayotgan kuchli issiqlik to‘lqini Shveysariyadagi muzliklarning odatdagidan ancha erta va jadal sur’atda erishiga sabab bo‘lmoqda. Olimlar bu holat Alp tog‘laridagi muzliklar yana bir yil katta hajmda qisqarishi mumkinligidan darak berayotganini ta’kidlamoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Mutaxassislar ma’lum qilishicha, joriy yilning 29 iyun kuni Shveysariya janubida joylashgan Rona muzligi «Muzliklarni yo‘qotish kuni» deb ataluvchi bosqichga yetdi. Bu davr qish mavsumida to‘plangan qor qatlami to‘liq erib, endilikda muzlikning ko‘p yillik muz qatlamlari eriy boshlaydigan jarayonni anglatadi.

Shveysariya muzliklarini kuzatish xizmati rahbari Mattias Xussning so‘zlariga ko‘ra, bu sana kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng erta holat sifatida qayd etildi. Eng erta ko‘rsatkich esa 2022 yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda mazkur jarayon hozirgidan uch kun avval boshlangan edi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, qish oylarida qor yog‘ishi kam bo‘lgani va yoz boshlanishi bilan ketma-ket kuzatilgan kuchli issiqlik to‘lqinlari muzliklarning tez sur’atlarda erishiga olib kelgan.

«Bu juda xavotirli holat. Yozning yarmiga ham yetmay turib muzliklar katta hajmda yo‘qolishni boshladi», — dedi Mattias Xuss.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun oyida kuzatilgan issiq kunlar davomida Shveysariya muzliklaridan erigan suv hajmi ikki hafta mobaynida har olti soniyada bitta Olimpiya standartidagi suzish havzasini to‘ldirishga yetarli bo‘lgan.

Shuningdek, Rona muzligidagi kuzatuv nuqtalaridan birida atigi ikki haftalik jazirama natijasida qariyb 1,5 metr qalinlikdagi muz qatlami erib ketgani aniqlangan.

Bu o‘zgarishlarni uzoq yillardan beri ushbu hududga tashrif buyurib kelayotgan sayyohlar ham yaqqol sezmoqda. So‘nggi 50 yil davomida Rona muzligiga muntazam kelib turadigan germaniyalik sayyoh Garri Blok muzlikning ko‘z o‘ngida keskin qisqarib borayotgani uni qattiq iztirobga solayotganini aytdi.

«Men yig‘layapman. Bir vaqtlar ulkan bo‘lgan muzlik ko‘z oldimizda yo‘qolib bormoqda. Bu iqlim o‘zgarishining eng yaqqol dalilidir», — dedi u.

Olimlar ta’kidlashicha, agar yuqori haroratlar saqlanib qolsa, Shveysariya muzliklari joriy yil ham katta miqdorda muz massasini yo‘qotishi mumkin. Bu esa Yevropa tabiati va suv zaxiralari uchun jiddiy xavotir uyg‘otayotgan omillardan biri sifatida baholanmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar