Qashqadaryoda yetishtirilgan pomidor qoqilari Yevropa va Osiyo bozorlariga yo‘l olmoqda

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yetishtirilgan pomidorlardan tayyorlanayotgan qoqi mahsulotlari Italiya va Turkiya bozorlariga eksport qilinmoqda.
Quyoshda pishgan qizil pomidorlar qayta ishlanib, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotga aylantirilmoqda. Bu orqali Chiroqchi tumanining eksport salohiyati ham kengaymoqda.
Ma’lum qilinishicha, Italiya va Turkiyaga jami 50 tonna pomidor qoqisi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Pomidorni tayyor mahsulot holatiga keltirish jarayoni taxminan besh kun davom etadi. Shundan so‘ng qoqilar qadoqlanib, eksportga jo‘natiladi.
Dastlab daladan terib olingan pomidorlar saralanadi va ikkiga bo‘linadi. Keyingi bosqichda ular maxsus joylarga yoyilib, tabiiy quyosh nuri ostida quritiladi.
Mahsulot tayyor bo‘lgach, sifat nazoratidan o‘tkaziladi va qadoqlash ishlari boshlanadi. Shu tariqa, mahalliy dalalarda yetishtirilgan pomidorlar Yevropa va Osiyo bozorlariga tayyor mahsulot sifatida chiqarilmoqda.































Izohlar 0
…