O‘lik deb e’lon qilingan 1,5 yoshli bola morgda tirik chiqdi

O‘lik deb e’lon qilingan 1,5 yoshli bola morgda tirik chiqdi

AQSHda 18 oylik bola bilan bog‘liq g‘ayrioddiy voqea jamoatchilik e’tiborini tortdi. Dastlab shifokorlar tomonidan vafot etgani e’lon qilingan chaqaloq shifoxona morgida hali ham tirik ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda BBC politsiya hisobotiga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bolaning oilasi uni 8 fevral kuni Arizona shtatining Gilbert shahridagi uy hovuzida yuzi suvga qaratilgan holda topgan. Shundan so‘ng ular zudlik bilan politsiya va tez yordam xizmatiga murojaat qilgan. Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar bolaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, uni shifoxonaga olib borgan.

Biroq oradan taxminan bir soat o‘tgach, shifoxonadagi shifokor Aryan Tusi bolaning vafot etganini e’lon qilgan. Shu bilan birga, voqea joyida bo‘lgan politsiya xodimlari shifokorga bolada hayot alomatlarini ko‘rganliklarini aytgan.

«Iltimos, o‘z ishingizni qiling va menga o‘z ishimni qilishga ruxsat bering. Men tibbiyot maktabiga bekorga bormaganman», — deya javob bergan shifokor.

Hodisa vaqtida oila a’zolari NFL Super Bowl final uchrashuvini tomosha qilish uchun yig‘ilgan bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Marikopa okrugi sud-tibbiyot ekspertizasi idorasi xodimi oradan besh soat o‘tib morgga kelganida bolaning hali ham nafas olayotganini aniqlagan. Shundan so‘ng u vertolyot orqali boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazilgan. Davolanishdan keyin bola tuzalib, shifoxonadan chiqarilgan.

Tergov davomida politsiya bolaning ota-onasiga nisbatan ehtiyotsizlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni tavsiya qildi. Tergovchilarning ta’kidlashicha, voqea sodir bo‘lgan kuni uy ichida marixuana hidi kuchli bo‘lgan. Ular bu holat kattalar nazoratining susayishiga sabab bo‘lgan va bolaning hovuzga yolg‘iz yaqinlashishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Hozircha Marikopa okrugi prokuraturasi ota-onaga nisbatan rasmiy ayblov qo‘yish yoki qo‘ymaslik bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar