Pitssadek ko‘zli ulkan kalmarga oid muhim topilma aniqlandi

Avstraliyalik olimlar jahon okeani tubida yashovchi eng sirli mavjudotlardan biri — ulkan kalmarga tegishli muhim izlarni aniqladi. Bu kashfiyot G‘arbiy Avstraliya sohillari yaqinida so‘nggi chorak asr ichida qayd etilgan ilk holat sifatida baholanmoqda. Tadqiqot natijalari Environmental DNA ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ushbu noyob mavjudotning izlarini topish dengiz biologiyasi sohasidagi muhim voqealardan biri hisoblanadi. G‘arbiy Avstraliya universiteti huzuridagi Minderoo OceanOmics Centre markazi tadqiqotchisi doktor Jorjiya Nesterning aytishicha, ulkan kalmarga oid dalillarning topilishi odamlarda katta qiziqish va hayrat uyg‘otadi.
Ma’lum qilinishicha, ulkan kalmar sayyoramizdagi eng sirli dengiz jonzotlaridan biri hisoblanadi. Uning uzunligi 43 futgacha (qariyb 13 metr) yetishi mumkin bo‘lib, bu deyarli maktab avtobusidan ham uzun hisoblanadi. Mavjudotning ko‘zlari esa katta pitssa o‘lchamiga teng bo‘lib, Yer yuzidagi barcha tirik mavjudotlar orasida eng yirigi sanaladi.
Shunga qaramay, ulkan o‘lchamiga qaramasdan, bu jonzotni tabiiy muhitida uchratish juda qiyin. Sababi, ulkan kalmar okeanning «shom zonasi» deb ataladigan, taxminan 600 metrgacha chuqurlikda yashaydi va juda ehtiyotkor hamda yashirin hayot kechiradi. Shu bois u kameralarga juda kam tushadi.

Olimlar bu safar mavjudotning o‘ziga emas, balki dengiz suvida qolgan ekologik DNK (eDNA) izlariga duch keldi. Bu usul suvda saqlanib qolgan biologik materiallar orqali hayvonlarni aniqlash imkonini beradi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur usul okean tubida yashovchi ko‘plab sirli turlarni o‘rganishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
G‘arbiy Avstraliya muzeyining suv hayvonlari bo‘limi rahbari va mollyuskalar kuratori doktor Liza Kirkendeyl ushbu natijani yuqori baholab, bu G‘arbiy Avstraliya sohillarida eDNA texnologiyasi orqali ulkan kalmar birinchi marta aniqlangani, shuningdek, Hind okeanining sharqiy qismida ushbu turning eng shimoliy qaydi ekanini ta’kidladi.
Tadqiqot Schmidt Ocean Institutening Falkor ilmiy kemasi bortida amalga oshirildi. Ekspeditsiya davomida olimlar mingdan ortiq suv namunalarini yig‘ib tahlil qildi.
Natijada jami 226 turga oid biologik izlar aniqlandi. Ular orasida Kyuve tumshuqli kiti, mitti kashalot kabi yirik dengiz hayvonlari, shuningdek, G‘arbiy Avstraliya suvlarida avval umuman qayd etilmagan bir qator turlar ham bor.
Jumladan, uyquchi akula, yuzsiz baliq, ingichka tanali yirtqich chuqur dengiz balig‘i kabi noyob jonzotlar aniqlangan. Olimlar ayrim namunalar hatto ilm-fan uchun mutlaqo yangi turlar bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.

«Okean tubidagi bioxilma-xillik haqida biz hali juda kam ma’lumotga egamiz. Endigina uning haqiqiy ko‘lamini anglay boshlayapmiz», — dedi doktor Jorjiya Nester.
Qiziq jihati shundaki, ulkan kalmar ilk bor tirik holda faqat 2004 yilda kameraga tushirilgan. Shundan buyon ham u juda oz marta tabiiy muhitida tasvirga olingan. Ilgari asosan sohilga chiqib qolgan yoki halok bo‘lgan namunalar uchrardi.
Olimlar yana bir muhim ma’lumotni eslatib o‘tdi. Ulkan kalmar dunyodagi eng katta umurtqasiz jonzot emas. Bu unvon kolossal kalmarga tegishli bo‘lib, uning vazni 500 kilogrammdan ortishi mumkin.
2025 yilda esa ushbu kolossal kalmarning yosh namunasi Janubiy Sandvich orollari yaqinida ilk bor tabiiy muhitida videoga olingandi. Yangi Zelandiyadagi Oklend texnologiya universiteti tadqiqotchisi Ket Bolstad ushbu tasvirlarni tasdiqlab, buni dengiz biologiyasidagi eng hayajonli kuzatuvlardan biri deb baholagan.






























Izohlar 0
…