Toshkent metrosida poyezd to‘xtab qoldi: Yo‘lovchilar shoshilinch tushirildi

Toshkent metrosida poyezd to‘xtab qoldi: Yo‘lovchilar shoshilinch tushirildi

9 iyul kuni kechqurun Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishida texnik nosozlik sababli poyezdlar harakatida qisqa muddatli uzilish kuzatildi. Hodisa oqibatida nosoz poyezddagi yo‘lovchilar xavfsizlik talablariga muvofiq vagonlardan tushirildi.

«Toshkent metropoliteni» ma’lumotiga ko‘ra, voqea soat taxminan 20:02 da «Xalqlar do‘stligi» va «Paxtakor» bekatlari oralig‘ida sodir bo‘lgan. Harakatlanayotgan poyezdda texnik nosozlik aniqlangach, xavfsizlik choralari zudlik bilan amalga oshirildi.

Qayd etilishicha, nosozlik 1985 yilda ishlab chiqarilgan 16-sonli eski turdagi harakat tarkibida yuzaga kelgan. Yo‘riqnoma talablariga muvofiq, poyezddagi barcha yo‘lovchilar xavfsiz tarzda tushirilib, nosoz tarkib ortidan kelayotgan boshqa poyezd yordamida texnik ko‘rik hududiga olib ketilgan.

Ushbu holat sabab Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar harakati taxminan 8 daqiqaga kechikkan. Keyinchalik nosozlik bartaraf etilib, barcha yo‘nalishlarda qatnov odatiy jadval asosida tiklangan.

Metropoliten ma’muriyati yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulaylik uchun yo‘lovchilardan uzr so‘rab, harakat xavfsizligi har doim ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 mart kuni ham Toshkent metrosida 1984 yilda ishlab chiqarilgan poyezdda texnik nosozlik kuzatilgan edi. O‘shanda ham yo‘lovchilar xavfsiz tarzda tushirilgan, metro ma’muriyati esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan poyezdlar to‘qnashuvi haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar