Meta oʻzining yangi avlod sunʼiy intellekt chiplarini sentyabr oyidan ishlab chiqaradi

Mark Zuckerberg boshqaruvidagi Meta korporatsiyasi Nvidia chiplariga boʻlgan qaramlikni kamaytirish va xarajatlarni optimallashtirish maqsadida oʻzining yangi avlod sunʼiy intellekt protsessorlarini ommaviy ishlab chiqarishni boshlamoqda. Reuters agentligining kompaniya ichki hujjatlariga tayanib xabar berishicha, yangi chiplar joriy yilning sentyabr oyidan konveyerga chiqishi kutilmoqda. Bu qadam global miqyosda kuzatilayotgan GPU (grafik protsessorlar) tanqisligi sharoitida kompaniya uchun strategik ustunlik taqdim etadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Maʼlum qilinishicha, yangi chiplardan kamida bittasi olti haftalik sinov bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan. Meta ushbu loyiha doirasida Broadcom kompaniyasi bilan dizayn yoʻnalishida hamkorlik qilmoqda, biroq bevosita ishlab chiqarish jarayoni dunyodagi eng yirik yarimoʻtkazgich zavodi — Tayvanning TSMC kompaniyasiga ishonib topshirilgan. Shuningdek, butlovchi qismlar yetkazib berishda Samsung (tezkor xotira), Sandisk (maʼlumotlarni saqlash qurilmalari) va Sumitomo Electric (optik tolali uskunalar) kabi gigantlar ishtirok etmoqda.
MTIA dasturi va texnologik yondashuv
Yangi chiplar Meta kompaniyasining MTIA (Meta Training and Inference Accelerator) dasturi doirasida ishlab chiqilgan boʻlib, ular asosan model oʻqitish va algoritmlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Kompaniya muhandislari sunʼiy intellekt sohasidagi shiddatli oʻzgarishlarni hisobga olgan holda, chiplarni modulli arxitektura asosida yaratishgan. Bu yondashuv texnologiya eskirib qolmasdan, yangi turdagi vazifalarga tezda moslashish imkonini beradi.Meta ushbu chiplardan Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi tavsiya qilish algoritmlarini, shuningdek, reklama tizimlarini yanada aqlli qilishda foydalanmoqchi. Garchi kompaniya Nvidia va AMD mahsulotlarini sotib olishda davom etsa-da, oʻz ishlanmalariga ega boʻlish milliardlab dollarlik kapital xarajatlarni tejashga yordam beradi. Maʼlumot uchun, Meta joriy yilda sunʼiy intellekt infratuzilmasi uchun 125 milliard dollardan 145 milliard dollargacha mablagʻ sarflashni rejalashtirgan.
Raqobat va global tendensiya
Sunʼiy intellekt poygasida oʻz chiplarini yaratish faqat Meta bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Bugungi kunda yirik texnologik korporatsiyalar Nvidia hukmronligidan chiqishga intilmoqda:- OpenAI kompaniyasi Broadcom bilan hamkorlikda oʻz protsessorini yaratish ustida ishlamoqda;
- Google va Amazon allaqachon oʻzlarining oʻqitish va inferensiya chiplaridan foydalanib kelmoqda;
- Anthropic startapi Samsung bilan chiplar ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda.






























Izohlar 0
…