Dunyo poyabzallarining 20 foizi ishlab chiqariladigan shaharda fojia

Dunyo poyabzallarining 20 foizi ishlab chiqariladigan shaharda fojia

Xitoyning Futszyan provinsiyasida joylashgan Jinjiang shahridagi yirik poyabzal fabrikasida 9 iyul kuni kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu fojiali hodisa oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lgan. Qutqaruv ishlari hanuz davom etayotgani sababli qurbonlar soni yana ortishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mahalliy Sinxua axborot agentligi tarqatgan videolarda fabrika binosidan ulkan qora tutun osmonga ko‘tarilgani, ayrim xodimlar esa qutqarilish ilinjida bino tomida qolib ketganini ko‘rish mumkin. Yong‘in haqida xabar olingach, voqea joyiga yuzlab o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruv xizmatlari safarbar etildi.

Xitoy raisi Si Szinpin fojia munosabati bilan bayonot berib, ko‘p sonli insonlar halok bo‘lganidan chuqur afsus bildirgan. Shuningdek, u yong‘in sabablarini har tomonlama o‘rganish, aybdorlarni aniqlash va ularni qonun doirasida qat’iy javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq berdi.

Futszyan provinsiyasidagi Jinjiang shahri dunyoda Xitoyning “poyabzal poytaxti” sifatida tanilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda ishlab chiqariladigan sport poyabzallarining qariyb 20 foizi aynan shu shaharda tayyorlanadi. Shu bois mazkur hudud mamlakatning eng yirik sanoat markazlaridan biri hisoblanadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida Huiteng Footwear fabrikasida boshlangan. Hodisa sodir bo‘lgan zaxotiyoq yuzlab qutqaruvchilar va o‘t o‘chirish texnikalari voqea joyiga yetib kelgan. Fabrikadan 200 nafardan ortiq odam xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Hozircha jarohat olganlar soni bo‘yicha aniq ma’lumot e’lon qilinmagan.

Tergovning dastlabki xulosalariga ko‘ra, yong‘in fabrikaning birinchi qavatida boshlangan bo‘lishi mumkin. Aynan ushbu hududda tez yonuvchi materiallar va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan xomashyo saqlangani sababli alanga juda qisqa vaqt ichida butun binoga tarqalgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar