Pokistondagi uch qavatli yotoqli avtobus internetni hayratga solmoqda

Pokistonda shaharlararo qatnovlar uchun xizmat qiladigan noyob avtobus jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Mamlakat yo‘llarida harakatlanadigan First Class Triple Decker Sleeper Limousine Plus dunyodagi yagona uch qavatli va yotoq o‘rinlari bilan jihozlangan avtobus sifatida tanilgan.
Ushbu transport vositasining eng katta o‘ziga xosligi uning shaxsiy VIP-kupelari hisoblanadi. Ular avtobusning eng pastki qismida, odatda yukxona joylashadigan hududda barpo etilgan. Har bir kupega alohida yengil avtomobil eshigi orqali kiriladi. Tashqi qismi esa limuzin uslubidagi maxsus aerografiya bilan bezatilgan.

Luks-kupeda yo‘lovchilar uchun divan-krovat, stereotizimga ulangan televizor, yoritish tizimi, muzlatkich, stolcha hamda haydovchi bilan bog‘lanish uchun telefon mavjud. Bu yerdagi sharoit ko‘pchilik tomonidan Emirates aviakompaniyasining biznes-klassidagi sayohatga qiyoslanmoqda.
Avtobusning ikkinchi va uchinchi qavatlarida ham qulay va hashamatli o‘rindiqlar joylashgan. Biroq bu yerlarda yo‘lovchilar umumiy salonda sayohat qiladi va chipta narxi VIP-kupelarga nisbatan ancha arzon.

Bundan tashqari, avtobusda mini-bar va oshxona ham mavjud. Taomlar transport vositasining orqa qismida tayyorlanib, keyin yo‘lovchilarga taqdim etiladi.
Mazkur noyob avtobus Pokiston poytaxti Islomoboddan Kvetta shahrigacha qatnaydi. Yo‘l taxminan 10–12 soat davom etadi. E’tiborlisi, bu «avtobuslar qiroli»da sayohat qilish har kim uchun ochiq bo‘lib, chipta narxi 4500 Pokiston rupiysi, ya’ni taxminan 195 ming so‘mni tashkil etadi.






























Izohlar 0
…