AQSH senatori Lindsi Grem 71 yoshida vafot etdi

AQSH senatori Lindsi Grem 71 yoshida vafot etdi

AQSH senatori Lindsi Grem 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning matbuot xizmati X va Facebook ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalari orqali ma’lum qildi.

Bayonotda aytilishicha, senator 11 iyul, shanba oqshomida qisqa davom etgan va kutilmaganda yuzaga kelgan xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

“AQSH senatori Lindsi Grem 11 iyul, shanba oqshomida qisqa davom etgan va to‘satdan boshlangan kasallik oqibatida vafot etdi. Senator Gremning oila a’zolari ushbu og‘ir damlarda bildirilayotgan duo va qo‘llab-quvvatlovlar uchun minnatdorlik bildiradi hamda shaxsiy hayot daxlsizligiga hurmat bilan yondashishni so‘raydi”, — deyiladi rasmiy bayonotda.

Senatorning vafot etganini AQSH prezidenti Donald Tramp ham tasdiqladi.

“Senator Lindsi Grem — men tanigan eng buyuk insonlar va senatorlardan biri edi. U doimo xalq manfaatlari yo‘lida ishlagan va Amerika uchun chinakam vatanparvar bo‘lgan. Biz Lindsi Gremni juda sog‘inamiz”, — deb yozdi Tramp.

NBC News telekanali politsiya ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, tez tibbiy yordam xodimlari senatorning uyiga yurak faoliyati to‘xtagani haqidagi chaqiruv asosida yetib borgan.

Ma’lumot uchun, Lindsi Grem 1955 yilda tug‘ilgan. U 2003 yil yanvaridan buyon Janubiy Karolina shtatidan AQSH Senati a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. 2025 yil yanvaridan esa AQSH Senatining Budjet qo‘mitasi raisi lavozimida ishlayotgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar