15 bemorni o‘ldirgan shifokorga sud umrbod qamoq jazosini berdi

Germaniyada 15 nafar bemorning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda ayblangan shifokor sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u bemorlarning roziligisiz turli dori vositalari aralashmasini yuborib, ularning hayotiga zomin bo‘lgan.
Berlin sudi 41 yoshli shifokorni 2021 yil sentyabridan 2024 yil iyuligacha bo‘lgan davrda 12 nafar ayol va 3 nafar erkakning qasddan o‘ldirilishida aybdor deb topdi. Germaniya qonunchiligiga muvofiq, sudlanuvchining to‘liq shaxsi oshkor etilmadi.
Ayblov tomonining bildirishicha, shifokor bemorlarning uyiga borib, ularning roziligisiz hayot uchun xavfli bo‘lgan dori vositalarini yuborgan. Ekspertizalar mazkur preparatlar qurbonlarning vafotiga olib kelganini ko‘rsatgan.
Qurbonlarning yoshi 25 yoshdan 94 yoshgacha bo‘lgan. Sudda ma’lum qilinishicha, ular og‘ir kasallikdan aziyat chekkan bo‘lsa-da, hech biri yaqin kunlarda vafot etishi kutilmagan.
Tergov materiallarida shifokor ayrim holatlarda jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida bemorlar yashagan uylarga o‘t qo‘yishga uringani ham qayd etilgan. Xususan, 2024 yil iyul oyida u bir kunning o‘zida 75 yoshli erkak va 76 yoshli ayolning o‘limiga aloqadorlikda gumon qilingan.
Sud jarayonida uzoq vaqt sukut saqlagan shifokor keyinchalik ayrim ayblovlarni tan oldi. Uning aytishicha, bemorlarni «azob-uqubatdan qutqarayotganiga» ishongan. Shu bilan birga, qilgan ishlari uchun jabrlanganlar yaqinlaridan kechirim so‘radi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uning boshqa o‘lim holatlariga ham aloqador bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti. Ayni paytda yana 76 ta holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Agar bu gumonlar ham tasdiqlansa, mazkur ish Germaniya tarixidagi eng yirik ketma-ket qotilliklardan biri sifatida qayd etilishi mumkin.
Sud qaroriga ko‘ra, shifokor umrbod qamoq jazosini o‘taydi. Shuningdek, unga kelgusida tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish ham umrbod taqiqlandi.






























Izohlar 0
…