Xitoy tarixiy yutuqqa erishdi: uchirilgan raketani qayta qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi

Xitoy kosmik texnologiyalar sohasida yana bir muhim bosqichni zabt etdi. Mamlakat ilk marta qayta foydalanishga mo‘ljallangan raketa kuchaytirgichini muvaffaqiyatli ravishda Yerga qaytarishga erishdi. Bu natija Xitoyning zamonaviy kosmik dasturidagi eng muhim yutuqlardan biri sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Long March 10B raketasi 10 iyul kuni Xaynan orolidan fazoga uchirildi. Parvozdan so‘ng raketaning yuqori qismi ajralib chiqqan kuchaytirgich taxminan olti daqiqadan keyin vertikal holatda qaytib, dengizdagi maxsus suzuvchi platformaga aniq qo‘ndi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu muvaffaqiyat Xitoyning qayta foydalaniladigan raketalar bo‘yicha AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan raqobatlasha olish salohiyatini yanada oshirdi. Bugungi kunda Ilon Maskka tegishli SpaceX hamda Jeff Bezos asos solgan Blue Origin bu texnologiyadan faol foydalanib kelmoqda.
Oddiy raketalarning aksariyati bir marta ishlatiladi va parvozdan keyin ularning asosiy qismlari yo‘q qilinadi. Shu bois har bir uchirish katta mablag‘ talab etadi. Kuchaytirgichlarni qayta ishlatish esa kosmik parvozlar tannarxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tish joiz, SpaceX 2015 yilda Falcon 9 raketasining kuchaytirgichini ilk bor muvaffaqiyatli qo‘ndirgan edi. Hozirda mazkur raketa yiliga yuzlab parvozlarni amalga oshiradi va uning kuchaytirgichlari o‘nlab marta qayta foydalaniladi.
Xitoy esa bu yo‘nalishdagi dastlabki sinovini joriy yilning fevral oyida Long March 10A raketa modeli orqali o‘tkazgan edi. Yangi Long March 10B esa past Yer orbitasiga kamida 16 tonna yuk olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib, texnik imkoniyatlari jihatidan Falcon 9 bilan taqqoslanmoqda.
Biroq Xitoy raketa qo‘ndirishda boshqacha yechimdan foydalanadi. Agar Falcon 9 quruqlik yoki dron-kemaga mustaqil qo‘nsa, Long March 10B maxsus qo‘nish ilgaklari yordamida suzuvchi platformaga o‘rnatilgan maxsus to‘rga mahkamlanadi.
Mazkur muvaffaqiyat fond bozoriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Yangilik ortidan China Spacesat va China Satellite Communications kompaniyalari aksiyalari qariyb 10 foizga qimmatlashdi.






























Izohlar 0
…