NVIDIA GeForce RTX 50 video kartalaridagi yashirin HotSpot datchigi ishga tushirildi

NVIDIA kompaniyasi oʻzining yangi avlod GeForce RTX 50 seriyali video kartalarida GPU HotSpot (eng issiq nuqta) harorati haqidagi maʼlumotlarni foydalanuvchilardan yashirishga qaror qilgan edi. Biroq, texnologiya ishqibozlari ushbu cheklovni chetlab oʻtishning yoʻlini topishdi va qurilmaning real ish holati haqida xavotirli maʼlumotlarni qoʻlga kiritishdi. Bu kashfiyot yangi grafik protsessorlarning uzoq muddatli barqarorligi borasida jiddiy savollarni yuzaga keltirmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Dastlab koʻplab mutaxassislar GeForce RTX 50 modellarida HotSpot datchigi umuman mavjud emas deb hisoblashgan edi. Chunki GPU-Z, HWiNFO va MSI Afterburner kabi ommabop diagnostika dasturlari ushbu koʻrsatkichni aniqlay olmagan. ixbt.com maʼlumotlariga koʻra, Braziliyaning Paulo Gomes kanali mutaxassislari datchik apparat darajasida mavjudligini, shunchaki dasturiy ravishda bloklanganini isbotlashdi.
Ushbu maʼlumotni olish uchun ishqibozlar NVIDIA kompaniyasining faqat ichki foydalanish uchun moʻljallangan NVIDIA MODS (Modular Diagnostic Software) dasturining modifikatsiya qilingan versiyasidan foydalanishdi. Mazkur dasturiy taʼminot odatda ishlab chiqarish jarayonida grafik chiplar va xotira modullarini sinovdan oʻtkazish uchun qoʻllaniladi va u ommaga ochiq emas.
Xavfli harorat koʻrsatkichlari
Tajriba uchun GeForce RTX 5070 Ti video kartasi tanlab olindi va natijalar kutilmagan boʻlib chiqdi. Oddiy datchiklar grafik protsessor haroratini 67-68 daraja atrofida koʻrsatgan bir paytda, yashirin HotSpot datchigi harorat 100 darajadan oshib, hatto 107 darajaga yetganini qayd etdi. Bunday yuqori harorat elektron komponentlar uchun kritik daraja hisoblanadi.Mutaxassislarning taʼkidlashicha, 100 darajadan yuqori harorat video kartaning beqaror ishlashiga, kutilmagan oʻchib qolishlarga yoki unumdorlikning pasayishiga olib kelishi mumkin. Eng yomoni, oddiy foydalanuvchi standart dasturlar orqali muammo aynan qayerda ekanligini tushuna olmaydi, chunki umumiy harorat koʻrsatkichi meʼyorda boʻlib koʻrinadi.
Muammoning sababini aniqlash maqsadida video karta qismlarga ajratilganda, zavodda surtilgan termopastaning qisman qurib qolgani maʼlum boʻldi. Termopasta yangisiga almashtirilgandan soʻng, HotSpot harorati 100 darajagacha pasaydi. Garchi bu koʻrsatkich hali ham yuqori boʻlsa-da, qurilmaning ishlashida barqarorlik kuzatildi.
Oʻzbekiston bozoriga ham kirib kelayotgan NVIDIA GeForce RTX 50 seriyasi yuqori unumdorlikni vaʼda qilsa-da, ushbu holat foydalanuvchilarni ehtiyotkor boʻlishga chorlaydi. Agar video kartangiz ogʻir oʻyinlar yoki grafik vazifalar paytida sababsiz "qotib" qolsa, muammo aynan yashirin qizib ketishda boʻlishi mumkin. Hozircha NVIDIA ushbu datchikni nega yopib qoʻygani borasida rasmiy izoh bermadi.






























Izohlar 0
…