Peruda ketma-ket zilzilalar yuz berdi, qurbonlar soni oshmoqda

Peruda ketma-ket zilzilalar yuz berdi, qurbonlar soni oshmoqda

Peruning tog‘li hududida sodir bo‘lgan ketma-ket ikkita kuchli zilzila insonlar hayotiga zomin bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘lgan, yana 21 nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan. Bu haqda mamlakat Milliy fuqaro mudofaasi instituti ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, yer silkinishlari 19 iyul kuni kechasi Xunin viloyatining Chupaka provinsiyasida, poytaxt Limadan taxminan 300 kilometr sharqda qayd etilgan.

Peru Milliy seysmologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, birinchi zilzilaning magnitudasi 5,1, ikkinchisiniki esa 3,7 ni tashkil etgan. Yer osti silkinishlari mos ravishda 24 va 18 kilometr chuqurlikda yuz bergan. Yevropa–O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi esa birinchi zilzilaning kuchini 5,6 magnituda deb baholagan.

Milliy fuqaro mudofaasi instituti rahbari Luis Vaskesning Exitosa radiostansiyasiga ma’lum qilishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 48 ta uy butunlay vayron bo‘lgan, yana 18 ta xonadon jiddiy shikastlangan. Tabiiy ofat taxminan 300 nafar aholi hayotiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lib, jabrlanganlar uchun vaqtinchalik yashashga mo‘ljallangan chodirlar o‘rnatilmoqda.

Qayd etilishicha, Chupakadagi ko‘plab uylar xom g‘ishtdan qurilgani sababli kuchli yer silkinishlariga dosh bera olmagan.

Hozirda qutqaruvchilar va yong‘in xavfsizligi xizmatlari vayronalarni tozalash ishlarini davom ettirmoqda. Mutaxassislar vayronalar ostida yana odamlar qolgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmayapti.

Ma’lumot uchun, Peru Tinch okeanidagi «Olov halqasi» deb ataluvchi dunyodagi eng faol seysmik mintaqalardan birida joylashgan. Yer yuzida qayd etiladigan zilzilalarning taxminan 85 foizi aynan shu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar