Kino va teatrga borish qarishni sekinlashtirar ekan

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Tokio fan instituti olimlari Angliyada o'tkazilgan tadqiqot natijalarini tahlil qilib, madaniy tadbirlarga muntazam borish organizmning fiziologik qarish jarayonini sekinlashtirishi mumkinligini aniqladi.
- Ushbu tadqiqotda 50 yoshdan oshgan 1899 nafar ishtirokchi qatnashib, ularning bir qator tibbiy ko'rsatkichlari asosida fiziologik yoshi hisoblab chiqildi.
Muzey, teatr, kino va konsertlarga muntazam tashrif buyurish nafaqat madaniy hordiq chiqarish, balki organizmning fiziologik qarish jarayonini ham sekinlashtirishi mumkin. Bu haqda ScienceDaily nashrida e’lon qilingan yangi tadqiqotda so‘z boradi.
Tokio fan instituti olimlari Angliyada o‘tkazilgan qarish bo‘yicha yirik tadqiqot natijalarini tahlil qildi. Tadqiqotda 50 yoshdan oshgan 1899 nafar ishtirokchi qatnashgan bo‘lib, ularning sog‘lig‘i bir necha yil davomida kuzatib borilgan.
Mutaxassislar ishtirokchilarning qon bosimi, o‘pka faoliyati, xolesterin va gemoglobin darajasi, tana massasi indeksi, yurish tezligi, kaft mushaklari kuchi kabi qator tibbiy ko‘rsatkichlarni baholab, ularning fiziologik yoshini hisoblab chiqqan. Bu ko‘rsatkich organizmning haqiqiy holatini aks ettirib, pasportdagi yoshdan farq qilishi mumkin.
Shuningdek, ishtirokchilar qanchalik tez-tez muzey, teatr, kinoteatr, konsert va san’at galereyalariga borishi haqida ham ma’lumot to‘plangan. Madaniy tadbirlarda muntazam qatnashgan kishilarning fiziologik yoshi o‘rtacha 66,9 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, bunday faollik kam bo‘lgan ishtirokchilarda bu ko‘rsatkich 69,9 yoshga teng bo‘lgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, madaniy faollik darajasidagi har bir qo‘shimcha ball fiziologik yoshning o‘rtacha 31 kunga kichikroq bo‘lishi bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Bu bog‘liqlik daromad, ish bilan bandlik, surunkali kasalliklar va boshqa omillar hisobga olingandan keyin ham saqlanib qolgan.
Olimlar fikricha, madaniy tadbirlarga muntazam qatnashish insonning ijtimoiy faolligini oshiradi, ruhiy salomatlikni mustahkamlaydi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlaydi. Mutaxassislar buning ijobiy ta’siri hatto muntazam jismoniy mashqlar natijasiga yaqin bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…