Britaniyalik ayolda qizining to‘yidan keyin noyob yurak sindromi aniqlandi

Britaniyalik ayolda qizining to‘yidan keyin noyob yurak sindromi aniqlandi

Britaniyada yashovchi 65 yoshli ayol qizining to‘yi ortidan kutilmagan holda shifoxonaga yotqizildi. Dastlab shifokorlar unda keng qamrovli infarkt rivojlangan deb gumon qilgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha tekshiruvlar natijasida uning ahvoliga kam uchraydigan “baxtli yurak sindromi” sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oxford Medical Case Reports nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayol tibbiyot muassasasiga ko‘krak qafasida kuchli og‘riq va hansirash kabi infarktga xos alomatlar bilan murojaat qilgan. Biroq magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) tekshiruvidan so‘ng shifokorlar bemorda takotsubo sindromining noyob shakli, ya’ni stressli kardiomiopatiyaning “baxtli yurak sindromi” deb ataladigan turi rivojlanganini aniqlagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, odatda kuchli qayg‘u yoki ruhiy zarba ortidan kuzatiladigan “singan yurak sindromi” ancha keng tarqalgan. Ammo “baxtli yurak sindromi” aksincha, inson hayotidagi juda quvonchli va kuchli ijobiy his-tuyg‘ular, jumladan farzand to‘yi, katta yutuq yoki uzoq kutilgan voqealardan keyin ham yuzaga kelishi mumkin.

Bunday holatda stress gormonlarining keskin ko‘payishi yurak mushaklari faoliyatini vaqtincha izdan chiqaradi. Shu bois kasallik belgilari infarkt alomatlariga juda o‘xshash bo‘ladi: ko‘krak qafasida og‘riq, nafas qisishi, shuningdek, qon tahlillarida ham muayyan o‘zgarishlar kuzatiladi. Shu sababli qo‘shimcha tekshiruvlarsiz aniq tashxis qo‘yish oson emas.

Shifokorlar bemorga zarur dori vositalarini buyurganidan so‘ng uning yurak faoliyati to‘liq tiklangan. Hozirgi kunda ayol sog‘lig‘ini qayta tiklab, odatiy hayot tarziga qaytgani ma’lum qilindi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar