ChatGPT yana tanqidlar markazida: WSJ bahsli ma’lumotni e’lon qildi

Amerikaning nufuzli The Wall Street Journal nashri sun’iy intellekt xavfsizligiga oid bahsli ma’lumotni e’lon qildi. Nashrda aytilishicha, ayrim foydalanuvchilar ChatGPT orqali biologik qurol va zaharlar haqida xavfli ma’lumotlarni olishga uringan, ba’zi holatlarda esa tizim batafsil javoblar bergani haqida ekspertlar fikri keltirilgan.
Maqolaga ko‘ra, OpenAI modellari yangilanganidan keyin turli foydalanuvchilar biologiya va kimyoga oid xavfli mavzular bo‘yicha so‘rovlar yuborgan. Ekspertlar ayrim javoblarning texnik jihatdan aniq bo‘lganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, OpenAI xavfli so‘rovlar bilan bog‘liq akkauntlar bloklanishi, modellar doimiy ravishda qayta o‘qitilishi va xavfsizlik cheklovlari kuchaytirilayotganini bildirgan. Kompaniya vakillari hozirgi tizimlarda bunday ma’lumotlarni taqdim etmaslik uchun qat’iy filtrlar joriy etilganini qayd etmoqda.
WSJ'ning yozishicha, AQSHda sun’iy intellekt kompaniyalarini bunday so‘rovlar bo‘yicha majburiy ravishda hisobot berishga yoki ularni avtomatik ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishga oid yagona federal qonun hozircha mavjud emas.
Nashr shuningdek, xavfli ma’lumotlarni izlagan ayrim foydalanuvchilar boshqa yirik chatbotlarga ham murojaat qilganini yozgan, ammo ular qanday javob olgani haqida aniq ma’lumot keltirilmagan.
OpenAI, Anthropic va Google kabi kompaniyalar esa sun’iy intellektdan zararli maqsadlarda foydalanishning oldini olish uchun hukumatlar va mustaqil xavfsizlik mutaxassislari bilan hamkorlik qilishayotganini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislar fikricha, sun’iy intellekt texnologiyalari tez rivojlanayotgani sababli xavfsizlik masalasi global darajadagi asosiy muhokama mavzularidan biriga aylanib bormoqda. Shu bois yirik texnologik kompaniyalar modellarning himoya mexanizmlarini muntazam ravishda kuchaytirish ustida ish olib borayotganini bildirmoqda.






























Izohlar 0
…