12 avgustda osmonda noyob hodisa kuzatiladi: to‘rt hodisa bir vaqtda

12 avgustda osmonda noyob hodisa kuzatiladi: to‘rt hodisa bir vaqtda
Qisqacha

Joriy yilning 12 avgust kuni Quyosh tutilishi, Perseid meteor oqimining eng faol pallasi, Veneraning noyob fazasi va Somon yo'lining eng yaxshi ko'rinishi bir vaqtga to'g'ri keladi. To'liq Quyosh tutilishi Grenlandiyaning sharqiy qismi, Islandiyaning g'arbiy hududlari hamda Ispaniyaning shimolida kuzatiladi, Shimoliy Amerika, Yevropa va Shimoliy Afrikadagi qariyb 779 million kishi esa kamida 10 foizli qisman tutilishni ko'rishi mumkin.

Joriy yilning 12 avgust kuni osmon kuzatuvchilari uchun so‘nggi yillardagi eng noyob astronomik voqealardan biri sodir bo‘lishi kutilmoqda. Shu kuni Quyosh tutilishi, Perseid meteor oqimining eng faol pallasi, Veneraning noyob fazasi hamda Somon yo‘lining eng yaxshi ko‘rinishi bir vaqtga to‘g‘ri keladi. Bu haqda “Space” nashri ma’lum qildi.

Nashr qayd etishicha, kunduzi Oy Quyosh diskining bir qismini to‘sib qo‘yadi. Avvalroq xabar qilinganidek, to‘liq Quyosh tutilishi Grenlandiyaning sharqiy qismi, Islandiyaning g‘arbiy hududlari hamda Ispaniyaning shimolida kuzatiladi. Shu bilan birga, Shimoliy Amerika, Yevropa va Shimoliy Afrikada yashovchi qariyb 779 million kishi kamida 10 foizli qisman Quyosh tutilishini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mutaxassislar ma’lum qilishicha, Shimoliy Amerikadagi eng katta qisman Quyosh tutilishi Kanadaning Nunavut hududida kuzatiladi. Bu yerda Quyosh diskining qariyb 93 foizigacha qismi Oy tomonidan yopiladi. AQSHda esa eng yaxshi manzara Alyaska hamda mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarida namoyon bo‘ladi.

Quyosh botgach, yana bir noyob astronomik hodisa yuz beradi. Venera «dixotomiya» deb ataluvchi holatga yetib, teleskop yoki kuchli durbin orqali yarim oy shaklida ko‘rinadi. Bu holat astronomiya ishqibozlari uchun juda qiziqarli kuzatuvlardan biri hisoblanadi.

Tun kirishi bilan esa yilning eng mashhur meteor oqimlaridan biri — Perseidlar yomg‘iri o‘zining eng yuqori faollik bosqichiga chiqadi. Bu yil Yangi oy fazasi tufayli osmon oy nuri bilan yoritilmaydi. Natijada qulay sharoitda har soatda 50–75 tagacha «uchar yulduz»ni kuzatish imkoni paydo bo‘ladi.

Astronomlar meteorlarni kuzatish uchun eng maqbul vaqt mahalliy vaqt bilan tungi soat 00:00 dan 02:00 gacha ekanini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, qishloq hududlari, shahar yorug‘ligi va havo ifloslanishi kam bo‘lgan joylarda Somon yo‘lini yil davomidagi eng ravshan va eng chiroyli ko‘rinishlaridan birida tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Mutaxassislar fikricha, bir kunda Quyosh tutilishi, Veneraning noyob fazasi, Perseid meteor oqimi hamda Somon yo‘lining ravshan namoyon bo‘lishi kabi bir nechta muhim astronomik hodisaning bir vaqtga to‘g‘ri kelishi juda kam uchraydi. Shu bois 12 avgust sanasi osmonni kuzatishni xush ko‘ruvchilar uchun unutilmas kechalardan biri sifatida tarixda qolishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar