Dubayda daydi hayvonlarni boqish uchun sun’iy intellektli qurilmalar ishga tushirildi

Dubay munitsipaliteti ko'cha hayvonlarini sun'iy intellekt yordamida aniqlab, avtomatik oziqlantiradigan “Ehsan Stations” qurilmalarini ishga tushirdi. Dastlab Dubay bo'ylab 12 ta qurilma o'rnatiladi, ularning 10 tasi jamoat bog'lariga, ikkitasi esa Dubai Holding kompaniyasiga qarashli hududlarga joylashtiriladi.
Dubay munitsipaliteti ko‘cha hayvonlariga yordam berish maqsadida “Ehsan Stations” nomli aqlli oziqlantirish qurilmalarini ishga tushirdi. Loyiha mintaqada o‘ziga xos tashabbus bo‘lib, sun’iy intellekt yordamida hayvonlarni aniqlash, ular haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish va shunga mos ravishda ozuqa tarqatishga mo‘ljallangan. Bu haqda Dubai Municipality nashri xabar berdi.
Dastlab Dubay bo‘ylab 12 ta qurilma o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Ularning 10 tasi jamoat bog‘lariga, yana ikkitasi esa Dubai Holding kompaniyasiga qarashli hududlarga joylashtiriladi. Tizim daydi mushuklar va boshqa hayvonlarni aniqlab, ularga avtomatik ravishda ozuqa berishi mumkin.
Tashabbusning yana bir maqsadi — ko‘cha hayvonlarini tartibsiz oziqlantirish holatlarini kamaytirish. Chunki nazoratsiz tashlab ketilgan ozuqa jamoat joylarining tozaligi va shaharning tashqi ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Aqlli qurilmalar esa hayvonlarni muntazam va tartibli oziqlantirishga yordam beradi.
Loyiha hozircha sinov bosqichida bo‘lib, qurilmalarning samaradorligi baholanadi. Mutasaddilar kelgusida tizimni yanada takomillashtirish va ko‘cha hayvonlari populyatsiyasini boshqarishda undan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.






























Izohlar 0
…