ChatGPT'ga aytilgan reja politsiyagacha yetib bordi: Braziliyada fermer hibsga olindi

ChatGPT'ga aytilgan reja politsiyagacha yetib bordi: Braziliyada fermer hibsga olindi

Braziliyada 36 yoshli fermer ChatGPT bilan yozishmalari orqali o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat rejasi haqida ma’lumot berganidan so‘ng politsiya tomonidan hibsga olindi. Voqea sun’iy intellekt platformalarida xavfsizlik tizimlari qanday ishlashiga ham e’tibor qaratdi.

OpenAI xabarni AQSH rasmiylariga yetkazgan

Hodisa Espiritu-Santu shtatidagi San-Gabriel-da-Palya shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi qariyb ikki oy davomida ChatGPT bilan yozishib, farzandiga nisbatan zo‘ravonlik rejalari haqida ma’lumot qoldirgan.

OpenAI ushbu muloqotlarni xavfsizlik nuqtayi nazaridan aniqlab, ma’lumotni AQSH Federal qidiruv byurosiga (FBI) yetkazgan. Keyin FBI Braziliya Adliya vazirligining CyberLab bo‘limi orqali mahalliy huquq-tartibot idoralarini ogohlantirgan.

Gumonlanuvchi rejasi amalga oshishidan bir kun oldin ushlangan

Braziliya politsiyasi ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi 19 iyun kuni, reja amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan sanadan bir kun oldin qo‘lga olingan. Bolaning hayotiga real xavf mavjudligi haqidagi ma’lumot huquq-tartibot organlariga oldindan yetkazilgan.

Politsiya uni tahdid, jinoyatga undash va qotillikka suiqasd bilan bog‘liq moddalar doirasida gumon qilinganini ma’lum qilgan. Gumonlanuvchining shaxsi oshkor etilmagan.

Muhimi, mazkur holatda ChatGPT jinoyatni amalga oshirish vositasi sifatida emas, balki xavfli muloqotni aniqlashga yordam bergan xavfsizlik tizimi ishlagan raqamli muhit sifatida namoyon bo‘ldi.

Bu voqea sun’iy intellekt bilan muloqotlar xavfsizlik nuqtayi nazaridan qanday monitoring qilinishi va jiddiy xavf aniqlanganida ma’lumot qaysi tartibda huquq-tartibot organlariga yetkazilishi haqidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar