Ajoyib hodisa: Chilidagi cho‘l kuchli yomg‘irdan so‘ng gullarga burkandi

Ajoyib hodisa: Chilidagi cho‘l kuchli yomg‘irdan so‘ng gullarga burkandi

Chilidagi Atakama cho‘lining katta qismi kuchli yomg‘irlardan keyin rang-barang gullarga burkandi, deb Associated Press xabar berdi. Dunyodagi eng quruq qutbsiz cho‘l hisoblangan hududda millionlab urug‘ va piyozchalar unib, gullagan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshida El-Nino ob-havo hodisasi ta’sirida Atakamada kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan. Ayrim urug‘lar va piyozchalar o‘nlab yillar davomida tuproq ostida faol bo‘lmagan holda saqlangan.

Chili Milliy o‘rmon xo‘jaligi korporatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududda 200 dan ortiq o‘simlik turi gullagan. Qizil va sariq nanyuka, binafsha gullar, oq suspiro, to‘q sariq tersopelo hamda garra de leon kabi o‘simliklar cho‘l manzarasini o‘zgartirgan.

Iyul va avgust oylarida ayrim hududlarda 160–190 millimetrgacha yomg‘ir yoqqan. Bu 1950-yillarda boshlangan kuzatuvlardan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan.

Bu yil gullagan cho‘l hududi taxminan 17 ming kvadrat kilometrni tashkil etgan. CONAF bu 1997 yildan beri eng keng va jadal gullash mavsumi bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Noyabrga qadar gullagan cho‘lni ko‘rish uchun hududga qariyb 300 ming turistik tashrif amalga oshirilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar