Sevgi uchun kech emas: Braziliyada 70 yoshli ayol ilk bor sevgilisini uchratib, turmush qurdi

Braziliyada 70 yoshigacha hech qachon romantik munosabatlarda bo‘lmagan ayolning o‘zidan 14 yosh katta erkakka turmushga chiqishi keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Uning hayotiy hikoyasi sevgi uchun hech qachon kech emasligini yana bir bor namoyon etdi.
Mariya Lusiya dos Santos va 84 yoshli Klemente dos Santos o‘zlari yashaydigan hududdagi keksalar markazida tanishishgan. Dastlab oddiy tanishuvdan boshlangan munosabat vaqt o‘tishi bilan samimiy tuyg‘ularga aylangan.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, ular birgalikda raqs kechalariga qatnashib, tobora yaqinlashib borishgan. Shu tariqa, ikki inson o‘rtasida muhabbat paydo bo‘lgan va ular hayotlarini birlashtirishga qaror qilishgan.
Mariya yoshligida rohiba bo‘lish haqida ham o‘ylagan. Biroq keyinchalik boshqa yo‘lni tanlab, uzoq yillar davomida oilasiga g‘amxo‘rlik qilgan va yolg‘iz yashagan. U 70 yoshida ilk bor chinakam romantik munosabatlarni boshdan kechirib, yangi hayot sahifasini ochgan.
Juftlikning to‘yi may oyida bo‘lib o‘tgan. Marosimda ularning yaqinlari, oila a’zolari va do‘stlari ishtirok etgan. Bu haqdagi lavha Braziliya televideniyesida namoyish etilgach, voqea ko‘plab insonlarning e’tiborini qozongan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari juftlikning hikoyasini iliq kutib olib, sevgi yoshga bog‘liq emasligi va inson hayotining istalgan bosqichida baxtini topishi mumkinligini ta’kidlashgan.
Bu voqea hayotda yangi boshlanishlar uchun hech qachon kech emasligini eslatib turadi.































Izohlar 0
…