16 yil avval buyurtma qilingan Nokia telefonlari nihoyat yetib keldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Liviyalik tadbirkor 2010-yilda buyurtma bergan Nokia telefonlarini qariyb 16 yildan so'ng, 2024-yilda qabul qilib oldi.
- Ushbu jo'natma 2011-yilda boshlangan fuqarolik urushi sababli logistika va bojxona xizmatlarining izdan chiqishi oqibatida kechikkan.
- Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda tadbirkor Communicator va surilma telefonlar kabi o'sha davrning zamonaviy qurilmalarini ombordagi uzoq yillik saqlanishidan so'ng olganini hazilomuz ta'kidlaydi.
Liviyalik tadbirkor 2010 yilda buyurtma bergan Nokia telefonlarini qariyb 16 yildan keyin qabul qilib oldi. Eski rusumdagi telefonlar jo‘natmasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mamlakat poytaxti Tripolida faoliyat yurituvchi telefon sotuvchisi ushbu qurilmalarga Liviyada fuqarolik urushi boshlanishidan oldin buyurtma bergan. Biroq 2011 yilda boshlangan mojaro mamlakatdagi logistika va bojxona xizmatlari faoliyatini izdan chiqarib, jo‘natmaning o‘z vaqtida yetib kelishini to‘xtatib qo‘ygan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda tadbirkor qizil plastik paketdan eski Nokia telefonlarini chiqarib, ular telefonmi yoki tarixiy eksponatmi, deya hazilomuz savol beradi. Jo‘natma ichida 2000-yillarning oxirlarida ommalashgan Communicator turidagi qurilmalar va surilma telefonlar ham bo‘lgan. Bugungi kunda eskirgan hisoblanadigan bu modellar o‘z davrida zamonaviy texnologiyalar qatoriga kirgan.
Telefonlar uzoq yillar davomida omborlardan birida qolib ketgan. Yaqinda ular aniqlanib, haqiqiy egasiga yuborilgan. Eng qizig‘i, jo‘natuvchi va qabul qiluvchi Tripoli shahrida, bir-biridan atigi bir necha kilometr masofada joylashgan bo‘lsa-da, buyurtmani yetkazish uchun qariyb 16 yil talab etilgan.

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib, foydalanuvchilarning hayratiga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik urush va siyosiy beqarorlik oddiy hayot, savdo-sotiq hamda kundalik xizmatlarga qay darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Muammar Qaddofiy hokimiyati ag‘darilganidan keyin Liviyada siyosiy bo‘linish saqlanib qolgan. Mamlakat g‘arbida Tripolidagi, BMT tomonidan tan olingan Milliy birlik hukumati bosh vazir Abdulhamid Dbeyba rahbarligida faoliyat yuritsa, sharqiy hududlarda general Xalifa Haftar qo‘llab-quvvatlaydigan boshqaruv ma’muriyati mavjud.
Qariyb 16 yil kechikib kelgan Nokia telefonlari bilan bog‘liq bu voqea urush va beqarorlik hatto bir necha kilometrlik masofadagi oddiy buyurtmaning bajarilishiga ham to‘sqinlik qilishi mumkinligini ko‘rsatdi.






























Izohlar 0
…