AQSHda 4 yildan beri universitet kampusida yashab kelgan mushukka faxriy doktorlik unvoni berildi

AQSHda 4 yildan beri universitet kampusida yashab kelgan mushukka faxriy doktorlik unvoni berildi

AQSHning Vermont shtatidagi Kastlton kampusida o‘tkazilgan bitiruv marosimida noodatiy voqea yuz berdi. Universitet rahbariyati talabalarga emas, balki kampusda yashovchi Maks laqabli mushukka faxriy doktorlik unvonini topshirdi.

Taxminan to‘rt yildan beri universitet hududida yashab kelayotgan Maks talabalar orasida mashhurlikka erishgan. U ko‘pincha talabalarga hamrohlik qilgan, ayniqsa, imtihonlar vaqtida ularga ruhiy dalda bo‘lgan. Shu tariqa mushuk kampusning o‘ziga xos timsoliga aylangan.

Universitet Maksni “Doctor of Litter-ature” deb nomlangan hazilomuz faxriy unvon bilan taqdirladi. Bu nom ingliz tilidagi “Doctor of Literature” — “Adabiyot doktori” iborasiga ohangdosh bo‘lib, undagi “literature” so‘ziga mushuklar uchun ishlatiladigan qum ma’nosidagi “litter” so‘zi qo‘shilgan.

Maksning taqdirlanishi talabalar tomonidan quvonch bilan kutib olindi. Ayrimlar hali o‘zlari doktorlik darajasiga erishmasidan mushuk bu unvonga ega bo‘lganini hazil bilan izohladi. Boshqalar esa Maks bunday e’tirofga munosib ekanini aytdi.

Bitiruvchilardan biri kayfiyati tushgan paytlarda Maksni silash unga doimo taskin berganini ta’kidladi. Shu tariqa kampus mushugi universitet hayotidagi alohida o‘rniga munosib ramziy e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar