Ochlik bilan kurashayotgan Yamandagi egizaklar

Yamandagi qurolli mojaro tufayli uyini tark etishga majbur bo‘lgan yetti haftalik egizaklar Rag‘ad va Raad hayot uchun kurashmoqda. Ularning oilasi Husiylar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi janglar sababli janubi-g‘arbiy Yamandagi qishlog‘ini tashlab ketgan.
BBC muxbiri Orla Gerinning xabar berishicha, egizaklar dunyoga muddatidan oldin kelgan. Oila o‘z qishlog‘ini tark etgach, Adan shahriga yetib olish uchun uch kun piyoda yo‘l bosgan. Safar davomida chaqaloqlarning ahvoli og‘irlashgan, qusish va ich ketishi kuchaygan.
Oila Adan shahridagi «Al-Sadaqa» shifoxonasiga yetib kelganida, shifokorlar egizaklarda og‘ir darajadagi o‘tkir oziqlanish yetishmovchiligini aniqlagan. Ularning otasi Bajash Ali Sagir Hassan urush tufayli bolalar uchun sut sotib olish qiyinlashganini aytgan. Narxlar oshgani sababli ba’zan chaqaloqlarga faqat suv berishga majbur bo‘lgan.
Shifoxonada ham sharoit og‘ir. Xalqaro yordam mablag‘lari, tibbiy xodimlar va jihozlar yetishmasligi tufayli barcha bemorlarni qabul qilish imkoni yo‘q. Shifokorlar va hamshiralar esa og‘ir ahvoldagi bolalarni saqlab qolish uchun kurashmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yamandagi janglar kuchayishi ortidan yuz minglab odamlar uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, ayrim hududlarda esa aholi oziq-ovqat yordamini olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Narxlarning oshishi va gumanitar yordam yetishmasligi aholining eng zaif qatlamlari, ayniqsa, bolalar ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.






























Izohlar 0
…