AQSHda jarroh 56 kilometr uzoqlikdan bemorni robot orqali operatsiya qildi

AQSHda tibbiyot sohasidagi yangi texnologiyalar imkoniyatini namoyon etgan noodatiy operatsiya o‘tkazildi. Jarroh bemordan 56 kilometr uzoqlikda joylashgan shifoxonada turib, robotlashtirilgan tizim yordamida saratonga chalingan bemorni muvaffaqiyatli operatsiya qildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Voqea Florida shtatida sodir bo‘lgan. 66 yoshli bemor Minneola shahridagi AdventHealth shifoxonasida bo‘lgan. Jarroh Vipul Patel esa undan taxminan 56 kilometr masofadagi Selebreyshn shahrida joylashgan AdventHealth Celebration tibbiyot markazidan operatsiyani boshqargan.
U robotlashtirilgan jarrohlik tizimi orqali maxsus asboblarni masofadan turib harakatlantirgan va bemorning prostata bezini olib tashlash amaliyotini bajargan. Shu bilan birga, operatsiya davomida bemor yonida yana bir malakali jarroh ham hozir bo‘lgan.
Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan, bemorning ahvoli esa barqarorlashgan.
Jarroh Vipul Patelning ta’kidlashicha, bunday texnologiyalar kelajakda yirik tibbiyot markazlaridan uzoq hududlarda yashovchi aholi uchun ham murakkab jarrohlik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, masofaviy robotlashtirilgan jarrohlik tibbiyot sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.






























Izohlar 0
…