Germaniyada minglab yoshlar hukumat siyosatiga qarshi namoyishga chiqdi

Germaniyada minglab yoshlar hukumat siyosatiga qarshi namoyishga chiqdi

Germaniyada minglab yoshlar norozilik namoyishlariga chiqdi. Mamlakatning 34 ta shahrida o‘tkazilgan aksiyalarning aksariyati tinch kechgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda tartibsizliklar yuz berdi.

31-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan namoyishlar “Gen Z regelt” (“Z avlodi o‘zgarishlar talab qilmoqda”) harakati tashabbusi bilan tashkil etildi. Reuters xabariga ko‘ra, aksiyalarda o‘n minglab odam qatnashgan.

Namoyishchilar ta’lim tizimini yaxshilash, maktablar uchun mablag‘ni ko‘paytirish, yashash xarajatlarini kamaytirish va majburiy harbiy xizmatga qarshi chiqish kabi talablarni ilgari surdi. Shuningdek, yoshlar ijtimoiy adolat va iqlim muhofazasiga ko‘proq e’tibor qaratilishini istamoqda.

Aksiyalarning aksariyati tinch o‘tgan. Biroq Frankfurt shahrida ayrim do‘konlar talon-toroj qilinib, savdo nuqtalariga zarar yetkazilgan. Gamburgda esa to‘siqlar va chiqindi qutilariga o‘t qo‘yilgan. Kyoln va boshqa ayrim shaharlarda politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlardan foydalangan.

Berlindagi Brandenburg darvozasi yaqinida tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, qariyb 5 ming kishi to‘plangan. Shtutgartda esa politsiya namoyish vaqtida 3 mingdan ortiq ishtirokchi bo‘lganini bildirgan.

Yoshlarning fikricha, hukumat ularning kelajagi, ta’lim olishi va kundalik hayotdagi muammolariga yetarlicha e’tibor qaratmayapti. “Gen Z regelt” tashabbuskorlari esa aksiyalarni tinch o‘tkazishga chaqirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar