Turkiya Prezidenti Qozog‘iston uchun ajratilgan hujjatga imzo chekib qo‘ydi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti yakunidagi hujjatlarni imzolash marosimida adashib qoldi. U Turkiya uchun ajratilgan joy o‘rniga Qozog‘iston nomidan imzolanishi kerak bo‘lgan hujjatga imzo chekdi. Bu haqda “Cumhuriyet” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sammit Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi bilan yakunlangan. Unda ishtirokchi mamlakatlar yetakchilari qabul qilingan qarorlarni tasdiqlash uchun tegishli hujjatlarni imzolagan.
Marosim davomida Erdo‘g‘anga ham hujjat taqdim etilgan. Prezident imzo qo‘yganidan so‘ng yonidagi mas’ul xodimdan: “Noto‘g‘ri joyga imzo qo‘ymadikmi?” deb so‘ragan.
Xodim esa hujjat Qozog‘istonga tegishli ekanini, Turkiya uchun ajratilgan joyga imzo qo‘yish kerakligini tushuntirgan. Bunga javoban Erdo‘g‘an hazilomuz tarzda: “Xudo xayringni bersin”, degan.
Shundan so‘ng mas’ul xodim hujjatni almashtirishini bildirgan. Biroz vaqt o‘tib, mikrofonlar o‘chirilgan va u yangi hujjatni olib kelgan. Xodim prezidentga imzo qo‘yishi kerak bo‘lgan joyni ko‘rsatgan. Erdo‘g‘an “Qayerga?” deb so‘ragach, xodim kerakli maydonni yana bir bor ko‘rsatgan. Shundan keyin Turkiya rahbari tegishli hujjatga imzo chekkan.
Ushbu holat sammit doirasidagi imzolash marosimi vaqtida videotasvirga muhrlanib qolgan.































Izohlar 0
…