Indoneziyada qariyb 90 yildan beri ilmiy manbalarda qayd etilmagan zaharli primat topildi

Indoneziyada qariyb 90 yildan beri ilmiy manbalarda qayd etilmagan zaharli primat topildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Indoneziyaning Banka orolida 1930 yillardan buyon ilmiy manbalarda qayd etilmagan Banka sekin lorisi turining hali ham mavjudligi tasdiqlandi.
  • Alobi Wildlife Rescue Center mutaxassislari 2015–2025 yillar davomida 90 dan ortiq primatni qayd etib, ularning 86 tasini tabiatga qaytargan.
  • Zaharli tishlash xususiyatiga ega bu hayvonlarning yashash muhiti noqonuniy qalay qazib olish va o‘rmonlarning kesilishi oqibatida jiddiy qisqarib bormoqda.

Indoneziyaning Banka orolida yashaydigan, qariyb 90 yildan beri ilmiy manbalarda qayd etilmagan Banka sekin lorisining hali ham mavjudligi tasdiqlandi. Mahalliy hayvonlarni qutqarish markazi 2015–2025 yillar davomida ushbu primatning 90 dan ortiq vakilini qayd etgan. Bu haqda yangi ilmiy tadqiqotda ma’lum qilindi.

Tadqiqot ma’lumotlari Indoneziyadagi Alobi Wildlife Rescue Center mutaxassislari tomonidan to‘plangan. Unga ko‘ra, Banka sekin lorisi ilmiy adabiyotlarda oxirgi marta 1930 yillarda qayd etilgan va keyinchalik yo‘qolib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan turlar qatoriga kiritilgan. Biroq mahalliy aholi bu hayvonlarni uchratib, qutqarish markaziga xabar berib kelgan.

Qutqarilgan 90 dan ortiq hayvonning 86 nafari tiklangach, oroldagi yettita hududga qo‘yib yuborilgan. Ularning ayrimlari aholi yashash joylar, bog‘lar, yo‘llar va plantatsiyalardan topilgan. Bu esa primatlarning tabiiy yashash muhiti qisqarib, insonlar bilan to‘qnashuv holatlari ko‘payganini ko‘rsatadi.

Banka sekin lorisi katta ko‘zli, daraxtlarda yashaydigan va asosan tunda faol bo‘ladigan kichik primatdir. Uning eng g‘ayrioddiy xususiyati — zaharli tishlash qobiliyati. Hayvonning tirsak qismi yaqinida maxsus bezlar bo‘lib, ular ajratadigan suyuqlikni loris yalab, so‘lagi bilan aralashtiradi. Natijada uning tishlashi zaharli xususiyat kasb etadi. Bu odamda kuchli og‘riq, shish va og‘ir allergik reaksiyalarga, ayrim hollarda esa hayot uchun xavfli anafilaktik shokka sabab bo‘lishi mumkin.

Olimlarning ta’kidlashicha, turning kelajagi jiddiy xavf ostida. Banka orolida noqonuniy qalay qazib olish, palma yog‘i plantatsiyalari uchun yerlarni o‘zlashtirish va o‘rmonlarning kesilishi hayvonlarning tabiiy yashash muhitini qisqartirmoqda. Elektr simlar, yo‘llar va noqonuniy hayvon savdosi ham ular uchun xavf tug‘diradi.

Mutaxassislar primatlar soni va tarqalish hududini aniqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish, qolgan o‘rmonlarni muhofaza qilish zarurligini ta’kidlamoqda. Hozircha orolda qancha Banka sekin lorisi qolgani aniq emas.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar