Qariyb 1 asr davomida yo‘qolib ketgan dunyodagi yagona zaharli primat Indoneziyada qayta topildi

Qariyb 1 asr davomida yo‘qolib ketgan dunyodagi yagona zaharli  primat Indoneziyada qayta topildi

Indoneziyaning Bangka orolida deyarli bir asr davomida olimlar e’tiboridan chetda qolgan noyob primat — Bangka sekin lorisi mavjudligi yana tasdiqlandi. Tungi hayot tarziga ega ushbu kichik jonivor yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan turlar qatoriga kiradi. Bu haqda People jurnali Re:wild tashkiloti ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Mazkur tur haqidagi so‘nggi ilmiy qaydlar 1930 yillarga tegishli bo‘lib, mutaxassislar uning tabiatdagi vakillari butunlay yo‘qolib ketgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda edi.

Biroq Indoneziyadagi "Alobi" yovvoyi hayvonlarni qutqarish markazi xodimlari mahalliy aholi bu jonivorlarni muntazam uchratib turishini aniqladi. 2015–2025 yillar davomida sekin lorilarning hovlilar, bog‘lar, yo‘l bo‘ylari va elektr uzatish liniyalarida topilgani haqida xabarlar kelib tushgan. O‘n yil ichida 90 dan ortiq jonivor qutqarilib, ulardan 86 tasi muhofaza qilinadigan o‘rmonlarga qo‘yib yuborilgan. Tadqiqot natijalari Spixiana ilmiy jurnalida chop etildi.

Bangka sekin lorisi ilk bor 1906 yilda tavsiflangan, 2013 yilda esa alohida tur sifatida tan olingan. Ular daraxtlarda yashaydi va dunyodagi yagona zaharli primatlar hisoblanadigan sekin lorilar guruhiga mansub.

Turning asosiy dushmanlari — o‘rmonlarning kesilishi, qalay qazib olish, palma yog‘i plantatsiyalari va noqonuniy savdo. Olimlar endilikda jonivorlarning aniq sonini hisoblash va ularning yashash muhitini muhofaza qilishni rejalashtirmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar