15:24 / 06.02.2018
4 136

AQShlik ekspert: "O‘zbekiston ayni paytda AQSh uchun eng tez rivojlanayotgan bozor"

АҚШлик эксперт: "Ўзбекистон айни пайтда АҚШ учун энг тез ривожланаётган бозор"
AQShning “Macro-Advisory Ltd.” konsalting shirkati vakili Jey Pi Natkin bilan suhbat
2017 yil sentyabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida qatnashish uchun AQShga bordi. Safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Nyu-Yorkda O‘zbekiston-Amerika biznes forumida qatnashib, Amerika kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish maqsadida mahalliy tadbirkorlarga respublikada soliq, adliya, iqtisodiyot, sarmoya bobida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda 100 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi. Bir nechtasi bilan umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng shartnomalar imzolandi.

Biznes forumda qatnashib, Prezident Shavkat Mirziyoyev fikrlarini tinglagan, AQSh kompaniyalariga yangi bozorlar haqida maslahat beruvchi “Macro-Advisory Ltd.” konsalting shirkati vakili Jey Pi Natkin bilan “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri Odil Ro‘zaliyev suhbat qurdi.

— Janob Natkin, avvalambor, o‘z kompaniyangiz haqida ma’lumot bersangiz?

— “Macro Advisory Ltd.” kompaniyasiga to‘rt yil oldin asos solganmiz. Biz Yevrosiyoda ishlamoqchi bo‘lgan kompaniyalarga makroiqtisodiyot va siyosat bobida maslahat beramiz, konsaltinglik qilamiz. O‘zbekistondan tashqari sobiq Sovet mamlakatlari hamda Eron va Mongoliya bo‘yicha ishlaymiz.

— Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Nyu-Yorkda O‘zbekiston-Amerika biznes forumi o‘tkazilgan edi. Forum muvaffaqiyatli bo‘lgan, O‘zbekiston hukumati qator kompaniyalar bilan umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng shartnomalar tuzgan. Siz ham o‘sha forumda qatnashgan edingiz, shunday emasmi?

— Ha, shunday. Biznesimiz mintaqadagi vaziyatni aks ettiradi. So‘nggi yillarda, asosan, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjonda ishladik. “Fortune” jurnali tuzgan 500 ta yirik kompaniyaning O‘zbekistonda ishlashni istagan ba’zilari hozir xizmatlarimizga qiziqish bildirmoqda. Ular forumda ham qatnashdi. Siz ham shunga guvoh bo‘ldingiz. “Fortune-100”, “Fortune-500” ro‘yxatlariga kirgan AQSh va xalqaro kompaniyalarning vakillari qatnashdi. Ba’zilari shartnoma, ba’zilari anglashma memorandumlarini imzolab, biznes va sarmoyalari uchun yo‘l ochishga muvaffaq bo‘ldi.

— O‘zbekistondagi yangi hukumat to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarni jalb qilish uchun iqtisodiy va boshqa sohadagi islohotlarni e’lon qildi. Siz bu islohotlardan nimalarni kutyapsiz?


— Shu kungacha ko‘rganlarimiz ko‘zni quvontirmoqda. Valyuta konvertatsiyasini ta’minlash, nazarimda, eng katta islohotlardan biri. Albatta, so‘nggi 28 yilda yangi davlatlarning islohotlar haqidagi bayonotlarini ma’lum darajada istehzo va ishonchsizlik bilan qabul qilish tabiiy holat bo‘lsa kerak. Quruq gap bilan ish bitmaydi. Ammo qisqa muddat ichida O‘zbekistonda sezilarli o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik. Konvertatsiyadan tashqari, viza islohoti hamda iqtisodiyotning muhim qismi bo‘lgan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga turtki berish ham bizni ruhlantirmoqda. Talab va o‘sishni ta’minlashda, iste’molchi va xaridor bo‘lmish haqiqiy o‘rta sinfning kelib chiqishida kichik va o‘rta biznesning roli katta.

— Sizningcha, Nyu-Yorkdagi biznes forum ayrim kompaniyalarning O‘zbekistonda ish boshlashga qaror qilganida muhim omil bo‘ldimi?


— O‘zimizni oladigan bo‘lsak, biz konsalting kompaniyasi bo‘lganimiz uchun ishimiz mijozlarimiz buyurtmasiga bog‘liq. Mintaqani kuzatar ekanmiz, O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik. Forumda katta qiziqish borligini ko‘rdik. O‘zbekiston – 30 milliondan ziyod aholiga ega bozor, qo‘shni Qozog‘istondan ikki baravar ko‘p. Bozor turib qolgan, talab potensiali katta. Konvertatsiya va boshqa islohotlarni ko‘rayotgan xorijiy sarmoyadorlar ana shu imkoniyatni ishga solishi mumkin. Arzon bozorlarni topish qiyin emas. Biz mijozlarimizga islohotlar haqida ma’lumot berib, ularning shu bozorlarga kirishini osonlashtiramiz.

— Raqamlar haqida gaplashsak.

— Raqamlar u qadar muhim emas, siyosat muhimroq. Nyu-Yorkda Prezident Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan ziyofat paytida davlat rahbari sarmoyalarni jalb qilish uchun qanday ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lganini sanab o‘tdi va o‘zi bilan kelgan hukumat delegatsiyasidagi muayyan rasmiylarni qisqa muddat ichida muayyan ishlarni amalga oshirishda mas’ul qilib tayinladi. Biz bunday yondashuvni juda kam ko‘ramiz, o‘rganmaganmiz va bu bizni quvontirdi, chunki hukumat islohotlarni amalga oshirish majburiyatini jiddiy qabul qilmoqda. Kompaniyalar quruq gapga ishonmaydi, haqiqiy qadamlarni ko‘rishni, berilgan va’dalarning bajarilishini istaydi. Prezident shuncha odamning oldida bu majburiyatni olgani barchani quvontirdi.

— Siz forum paytida va forumdan keyin gaplashgan kompaniyalar umidga to‘la demoqchimisiz?

— Albatta. O‘zbekiston ayni paytda biz uchun eng tez rivojlanayotgan bozor. Buni yirik kompaniyalar bildirayotgan qiziqishdan bilsa bo‘ladi. Turli jabhadagi kompaniyalar bilan ishlaymiz. Ishlab chiqarish, xalq iste’moli mollari, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, energetika sohalari shular jumlasidan. Bu kompaniyalar sarmoya kiritish, mintaqada daromadini oshirish ustida o‘ylanmoqda.

— Siz forumda gaplashgan kompaniyalarning O‘zbekistonga doir qanday xavotirlari bor?

— Ularning xavotirini ikki toifaga bo‘lish mumkin. Birinchisi, mintaqani yaxshi bilmasliklari, O‘zbekistonni yaxshi tushunmasliklari. AQShdagi yirik kompaniyalar rahbarlarida xalqaro tajriba kamlik qiladi. Xalqaro kompaniyalarda vaziyat o‘zgacha. Ularning katta xodimlari xorijda ko‘p ishlagan. Masalaning ikkinchi tomoni shuki, ko‘plab kompaniyalar O‘zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy, bozor islohotlariga umid bilan qaramoqda. Ammo kattaroq sarmoya qilish uchun ular konkret natijalarni ko‘rmoqchi.

— Siz bilan ishlayotgan kompaniyalarning yangi bozorga kirishi uchun o‘rtacha qancha vaqt kerak bo‘ladi?


— Sohaga qarab, kompaniya siyosatiga qarab har xil bo‘ladi. Hamma uzoq muddatli strategik sarmoyani turlicha belgilaydi. Biznes muhitni o‘rganish vaqtiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Masalan, energetikani oladigan bo‘lsak, neft va gaz bilan ish qiluvchi kompaniyalar yangi konlarni ochish, dengiz tubidan yoqilg‘i qazish kabilar yirik kapital talab qiladi. Bunday sarmoyalar uzoq muddatli bo‘lib, 20, 30, 40 yillik bo‘lishi mumkin. Bunday sharoitda bozorni o‘rganish ancha uzoq vaqt oladi. Savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar, ishlab chiqarishda band qo‘shma korxonalar, xalq iste’moli mollarini olib kirayotgan firmalarga ish boshlash uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmaydi.

— Ko‘p hollarda O‘zbekiston va Qozog‘istonni bir-biriga qiyoslab turishadi. Siz ularni qanday qiyoslagan bo‘lardingiz?


— Ularni solishtirish to‘g‘ri emas. Bular bir-biridan keskin farq qiluvchi mamlakatlar. Bir mintaqada joylashgan bo‘lsa-da, qo‘shni bo‘lsa-da, madaniyatlari farqli, ish olib borish muhiti turlicha. Qozog‘iston iqtisodiyoti ko‘proq tabiiy resurslarga tayanadi, yirik yoqilg‘i bozori, minerallar, qazilmalarga asoslangan sanoatlarga ega. Qishloq xo‘jaligi rivojlanmoqda, yaxshilanyapti, boshqa sohalari ham. O‘zbekistonda esa qishloq xo‘jaligi ancha rivojlangan, iste’mol bozori o‘smoqda, aholisi 30 milliondan oshiq, o‘rta sinf tezroq rivojlanmoqda, shakli hozircha sal boshqacha bo‘lsa ham. Bu ikki davlatni bir qatorga qo‘yib bo‘lmaydi.

“Amerika ovozi” teleradiosi materiallari asosida O‘zA muxbiri Asliddin Suyunov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQShlik ekspert: "O‘zbekiston ayni paytda AQSh uchun eng tez rivojlanayotgan bozor"