09:43 / 08.05.2018
4 387

Navbahor Imomova: "Toshkentda jurnalistlar ozod etilgani misli ko‘rilmagan voqea"

Навбаҳор Имoмова: "Тошкентда журналистлар озод этилгани мисли кўрилмаган воқеа"
Foto: «Xalq so‘zi»
AQSh va Yevropa Ittifoqidagi xalqaro huquq tashkilotlari O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblangan ikki jurnalist va ikki tadbirkor sud zalidan ozod etilganini tarixiy voqea, deya baholamoqda. Bu haqda «Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomova «Xalq so‘zi» sahifalarida fikr yuritdi.

Sud jarayonining boshidanoq ochiq kechgani, ayblanuvchilar diqqat bilan tinglangani, bularni O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ham yoritgani, ijtimoiy tarmoqlarda hamda jamoatchilik orasida keng muhokama qilingani o‘tgan bir yarim yil mobaynida O‘zbekistondagi islohotlar samarasi sifatida qabul qilinyapti.

O‘zbekistonda deyarli chorak asr mobaynida konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatda ayblangan insonlar aksariyat hollarda og‘ir jazolarga mahkum etilgani, mahkama yopiq kechib, jarayon bilan bog‘liq savollar javobsiz qolgani, ayblov asossiz ekani haqidagi iddaolar tinglanmagani, apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilganida ham hukm o‘zgarmaganini hisobga olsa, Abdullayev va uning sheriklari ishi ozodlik bilan yakun topgani misli ko‘rilmagan va kutilmagan yangilikdir.

Mana shunday tahlilni Nyu-Yorkdagi Human Rights Watch (HRW) va Londondagi Xalqaro amnistiya tashkilotlaridan eshitar ekanmiz, ular sudlanuvchilar o‘tgan yilning kuzidan beri hibsda o‘tirgani, qiynoqqa solinganini aytgani va ularning yaqinlari ham bu davr mobaynida qo‘rquv va bosim ichida yashaganini qayd etadi.

AQSh hukumati O‘zbekistonda siyosiy mahbuslar birin-ketin ozod etilganini keng olqishlab, «islohotlar ko‘lamini erkinlik darajasiga qarab bilamiz», deya eslatib kelmoqda. Bugungi yangilik ham Vashingtonda juda iliq kutib olingan. Toshkentda hammaning e’tiborida turgan jinoiy ish ijobiy yakun topgani Shavkat Mirziyoyevni G‘arb nazarida real islohotlar qilayotgan va mamlakatini yangi yo‘ldan olib borayotgan rahbar sifatida ko‘rsatadi.

O‘zbekiston yaqinda AQShning inson huquqlari haqidagi yillik hisobotida tarixda ilk bor ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgan davlat sifatida tilga olindi. Lekin Davlat departamenti rasmiylari fikriga ko‘ra, huquq va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida hali qilinadigan ishlar ko‘p.

Shvetsiyadagi Fuqaro erkinliklari himoyachilari tashkiloti, Fransiyadagi Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Belgiyadagi Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik tashkiloti ham Bobomurod Abdullayev va uning sheriklari ozod etilganini olqishlab, O‘zbekistonda sud-huquq tizimi mustaqilligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadallashaveradi, deya umid bildirmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Navbahor Imomova: "Toshkentda jurnalistlar ozod etilgani misli ko‘rilmagan voqea"